Qirg‘izistonning 6 prezidenti Dubayda ko‘rishdi. Uchrashuvda nima muhokama etilgani ma’lum...
Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov betaraf mamlakatda respublikaning sobiq prezidentlari bilan uchrashdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi. Qirg‘iziston matbuoti xabariga ko‘ra, olti prezidentning uchrashuvi BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan.
Sadir Japarovga ko‘ra, sobiq davlat rahbarlari ؘ– Asqar Akayev (1991–2005), Qurmanbek Bakiyev (2005–2010), Roza Otunbayeva (2010–2011), Almazbek Atambayev (2011–2017) va Sooronbay Jeenbekov (2017–2020) mamlakat ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga rozilik bergan.
«Mamlakat istiqboli yo‘lidagi asosiy orzu ro‘yobga chiqdi – xalq birdamligini o‘ylab barcha sobiq prezidentlarni bir stol atrofiga jamlab, uchrashuv o‘tkazdim. Globallashuv davrida ichki barqarorlik va milliy murosaga intilgan mamlakatlargina qudrat kasb etib, taraqqiy etmoqda», – deb yozdi S.Japarov.
Unga ko‘ra, o‘tmishda ham qirg‘iz davlati o‘zaro ixtiloflar sababli parchalanib ketgan.
«Bugun biz shimol va janub, viloyatlar bo‘yicha bo‘linib ketganmiz, har kim o‘zi haqida qayg‘uradi. Bundan tashqari, odamlar u yoki bu prezidentning tarafdori sifatida ham guruhlarga ajralgan», – deydi S.Japarov.
Qirg‘iziston prezidentining ta’kidlashicha, mamlakat istiqboli uchun «akayevchilik», «bakiyevchilik», «atambayevchilik», «otunbayevachilik», «jeenbekovchilik» kabi guruhbozliklarga barham berish vaqti keldi. Dubaydagi uchrashuv ham ayni shu maqsadda uyushtirilgan.
«Albatta, sobiq prezidentlar birin-ketin norozi bo‘lgan jihatlarini bayon qildi, xafagarchiligini to‘kib soldi. Ammo ayni choqda ular o‘z xatolarini tan oldi. Eng asosiysi – ular bir-birini afv etdi! Maqsad-muddaom ham shu edi. Men turli viloyatlar aholisi, sobiq prezidentlarning tarafdorlari siyosat bilan mashg‘ul bo‘lishni bas qilib, kelajak yo‘lida iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shishlarini orzu qilaman», – deb yozdi S.Japarov.
Amaldagi prezident sobiq hamkasblari xunrezliklarga olib kelgan xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etar ekan, Qirg‘iziston xalqini barcha gina-kuduratlarni unutib, mamlakat ravnaqi yo‘lida birlashishga da’vat qilgan.
Qirg‘iziston Respublikasining 30 yillik tarixida mobaynida prezidentlar inqilob yo‘li bilan almashib kelmoqda.
Birinchi prezident Asqar Akayev «Lola inqilobi»dan keyin Moskvaga qochib ketgan.
Inqilob yo‘li bilan hokimiyatga kelgan Qurmanbek Bakiyev ayni shu usulda oliy lavozimdan chetlatilgan va Belarusdan siyosiy boshpana olishga majbur bo‘lgan.
2011–2017-yillarda Qirg‘izistonni idora etgan Almazbek Atambayev davlat rahbari lavozimidan ketgach, Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida ayblanib qamoqqa olingan.
Sooronbay Jeenbekov 2017-yil 24-noyabrdan Qirg‘iziston yetakchisi sifatida ish boshladi. Ammo unga prezidentlik vakolatini oxiriga yetkazish nasib etmadi: ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin 2020-yil 16-oktyabr kuni iste’fo berishga majbur bo‘ldi.
Sadir Japarov davlat rahbari lavozimiga kirishgunga qadar ozodlikdan mahrum etish muassasasida jazo o‘tagan. 2017-yili garovga olishda ayblangan S.Japarov 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 2020-yil oktyabr namoyishlari payti tarafdorlar tomonidan ozod qilingan siyosatchi pirovardida prezidentlik saylovida g‘olib chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Qirg‘iziston Oliy sudi A.Atambayevga chiqarilgan 11 yillik qamoq jazosi hukmini to‘xtatib, xorijda davolanishiga ruxsat berishi ortidan u Dubayga uchib ketgan edi.
2021-yil avgust oyida birinchi prezident A.Akayev kutilmaganda Moskvadan Bishkekka qaytgan va tergovga jalb etilgan edi.
2022-yilning sentyabrida esa BMT bosh kotibi yana bir sobiq prezident R.Otunbayevani Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter