Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Baland devorlar ham xatardan himoyalay olmaydi» – Samarqandda strategik mustaqillik masalalari muhokama etilmoqda

«Baland devorlar ham xatardan himoyalay olmaydi» – Samarqandda strategik mustaqillik masalalari muhokama etilmoqda

Anjumanni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri V.Norov ochib berdi.

Foto: Xabar.uz

Bugun, 18-noyabr kuni Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi: Global darvoza» deb nomlangan yirik anjuman boshlandi. Tadbirda qatnashayotgan yuqori martabali mehmonlar hamda ekspertlar bugungi beqaror zamonda ikki yirik mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashmoqda.

Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab, ko‘p yillar davomida shakllangan xalqaro tartib izdan chiqqani, bunday sharoitda YeI va Markaziy Osiyo hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

«Bugun (chegara) devorlari har qancha baland bo‘lmasin, xatardan ihotalay olmaydi. Demak, mamlakatlar o‘zaro hamjihatlik yo‘li bilangina xatarlarga qarshi tura olishi mumkin», – dedi Jozep Borrel.

Jozep Borrel. Foto: Xabar.uz

Diplomatning ta’kidlashicha, dunyo davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo ham strategik avtonomiyaga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bu har bir davlatning hamkorlik borasida erkin tanlovga ega bo‘lmog‘ini anglatadi.  Tajribali siyosatchi davlatlarning bir-biriga ortiqcha qaramligi qimmatga tushishidan ogohlantirdi.

Qonun ustuvorligi tamoyili esa mintaqada barcha sohalardagi taraqqiyot kaliti sifatida uqtirildi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso Ukraina urushi oqibatida yuzasiga kelgan oziq-ovqat, energiya muammolariga e’tibor qaratdi. O‘zbekistonda bir qator yirik loyihalarni amalga oshirayotgan bank yetakchisi urush va pandemiya tufayli yuzaga kelgan muammolar dunyo hamjamiyati, jumladan, Markaziy Osiyo uchun ham imkoniyat ekanini urg‘uladi. Ta’kidlanishicha, mintaqa davlatlari mushkulotlarni yangi imkoniyat deb bilgan holda, eksport va savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilishi kerak.

Odil Reno-Basso. Foto: Xabar.uz

«Mutafakkir Jaloliddin Rumiyning «Bu ؘ– sizning yo‘lingiz, uni faqat siz bosib o‘tmog‘ingiz lozim, o‘zgalar siz uchun bu yo‘lni bosib o‘tmaydi» degan hikmati bor. Bu – Markaziy Osiyo davlatlariga ham taalluqli. Ayni choqda, YeTTB ushbu yo‘lda ishonchli hamkor bo‘lishga tayyor», – dedi Odil Reno-Basso xonim.

Anjuman davomida mintaqada savdo va bojxona tizimini soddalashtirish, chegara shaffofligi, bu borada YeIni ham qamragan yagona raqamli platforma ta’sis etish lozimligi ta’kidlandi.

Siyosat va tijorat odamlari jamlanganda. Foto: Xabar.uz

YeIning 2021-yil 1-dekabrda qabul qilingan «Global darvoza» deb nomlangan yangi strategiyasi doirasida tashkil etilgan ilk mintaqaviy anjumanda raqamlashtirish, transport va logistika, energetika va suv resurslari bilan bog‘liq masalalar muhokama etilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring