Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston may oyida oltin eksport qilmadi

O‘zbekiston may oyida oltin eksport qilmadi

2026-yil may oyida O‘zbekiston oltin eksportini to‘xtatdi.

Spot nashrining Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, joriy yilning yanvar–may oylarida mamlakat eksporti 12,6 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,5 foizga kam. Eksportning pasayishiga asosiy sabab sifatida oltin eksporti hajmining keskin qisqarishi ko‘rsatilgan.

Besh oy davomida O‘zbekiston 1,5 milliard dollarlik oltin eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 6,49 milliard dollarga nisbatan qariyb 4,3 barobar kam.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston aprel oyida olti oylik tanaffusdan so‘ng oltin eksportini qayta tiklagan, ammo may oyida qimmatbaho metall eksporti yana amalga oshirilmagan.

Shu bilan birga, oltindan tashqari eksport yo‘nalishlarida ijobiy o‘sish qayd etildi. Xizmatlar eksporti 34,9 foizga oshib 4,58 milliard dollarga, sanoat mahsulotlari eksporti esa 18 foizga o‘sib 1,9 milliard dollarga yetdi.

May oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 70,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bir oy ichida zaxiralar 307,2 million dollarga kamaygan bo‘lsa-da, Markaziy bank omborlaridagi oltinning jismoniy hajmi aksincha oshdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning oltin zaxirasi 423 tonnaga yetgan. Bir oyda zaxiralar qariyb 9,3 tonnaga ko‘paygan.

Shuningdek, World Gold Council ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilning dastlabki to‘rt oyi yakunlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik oltin xarid qiluvchi davlatlardan biri bo‘lgan. Markaziy bank aprel oyida 1 tonna oltin sotgan bo‘lsa, yil boshidan buyon oltin zaxiralarini 24 tonnaga oshirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring