O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bilan savdosi 3,5 mlrd dollarga yetdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 3,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,5 foizga ko‘p bo‘lib, mamlakat umumiy tashqi savdosining 10,8 foizini tashkil qildi.
Hisobot davrida O‘zbekistonning mintaqa davlatlariga eksporti 1,3 milliard dollarga yetib, yillik o‘sish 30,8 foizni tashkil qildi. Import hajmi esa 2,2 milliard dollar bo‘lib, 25,7 foizga oshdi.
Qozog‘iston O‘zbekistonning mintaqadagi eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan 573,7 million dollar eksport, 1,7 milliard dollar import hissasiga to‘g‘ri keldi.
Qirg‘iziston bilan tovar aylanmasi 43,9 foizga oshib, 469 million dollarga yetdi. Eksport 341,9 million dollar, import esa 127,1 million dollar bo‘ldi.
Tojikiston bilan savdo 42,1 foizga o‘sib, 375,8 million dollarga yetgan bo‘lsa, Turkmaniston bilan tovar aylanmasi 427,9 million dollarga yetdi va 9,3 foizlik o‘sish qayd etildi.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo tarkibida eng katta ulush Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Uning ulushi jami tovar aylanmasining 64 foizini tashkil etdi.
Qirg‘iziston 13 foiz, Turkmaniston 12 foiz va Tojikiston 11 foiz ulush bilan keyingi o‘rinlarni egalladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter