“Alhadaya” BFQ reklamasida qonunbuzarlik aniqlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Alhadaya” nomli biologik faol qo‘shimcha reklamasi yuzasidan vakolatli organlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Tahlillar natijasida reklama materiallarida ta’sir xususiyatiga ega bo‘lmagan iboralar qo‘llangani, mahsulot haqida to‘liq ma’lumot berilmagani hamda uning terapevtik samaradorligi va ayrim kasalliklarni yengillashtirishi haqidagi ma’lumotlar keltirilgani aniqlandi. Mazkur holatlar iste’molchilarda biologik faol qo‘shimchani dori vositasi sifatida qabul qilishga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Reklama to‘g‘risidagi Qonun 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalarini reklama qilishda qator majburiy talablar belgilangan.
Xususan, bunday reklama:
- mahsulotni dori vositasi sifatida ko‘rsatmasligi;
- uni qo‘llash natijasida davolanish yoki ahvol yaxshilanishiga doir holatlarga havola qilmasligi;
- fuqarolarning minnatdorchilik izhorlarini o‘z ichiga olmasligi;
- sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
- tadqiqotlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganlik fakti orqali dori vositalariga nisbatan afzallik taassurotini uyg‘otmasligi;
- voyaga yetmaganlar uchun taqiqlangan mahsulotlar reklamasida bolalar tasviridan foydalanmasligi;
- har bir holda “dori vositasi emas” degan ogohlantirish bilan berilishi;
- rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazmasligi shart.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari asosida Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “ALHADAYA NEW” MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha jamiyatga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter