Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijon hokimi blogerni qamashga buyruq berganmidi?

Andijon hokimi blogerni qamashga buyruq berganmidi?

Anchadan buyon sokinlashib qolgan ijtimoiy tarmoqlar bugun yana portladi! Tarmoqda Andijon viloyati hokimi matbuot kotibi Mirzohid Botirovga tegishli ekani aytilayotgan yozishmalarning nusxasi (skrinshot) tarqaldi. 

Unda M.Botirov o‘ziga tanish va ancha sinashta bo‘lgan boshqa foydalanuvchi bilan «dildan suhbat» qurgani anglashiladi. Haqorat-u  uyatsiz gaplarga to‘la yozishmalarda gap aylanib, blogerlarga taqalgan paytda matbuot kotibi «...osmonga chiqayotgan blogerni joyini ko‘rsatib qo‘ygani»ni alohida ta’kidlab, «15 kunda mulla bo‘lgani»niga urg‘u beradi. Shuningdek, yozishmalarda  o‘sha bloger «asakalik» ekani, «hokim tiq» degani uchun «tiqilgani»ni yozib bo‘lmas haqoratlar bilan bayon qilinadi.

Bundan «15 kunda mulla bo‘lgan asakalik bloger» Otabek Nuritdinov ekani o‘z-o‘zidan ma’lum.  Ma’lumki, bloger A.Nuritdinov 2019 yilning 30 dekabr kuni tuhmat va haqorat qilganlikda ayblanib,  15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgandi. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid  ish  bo‘yicha yarim kunda surishtiruvlar yakunlanib, hatto sud qaror chiqarishga ulgurgani ko‘pchilikda jiddiy shubha uyg‘otgandi. Shunga qaramay sud qarori apellatsiya instansiyasida kuchda qolgan,   bunda sud hujjati qonuniyligidan ko‘ra, «ish»ni birinchi bosqich sudida Andijon viloyat sudi raisi O. Mirzamahmudov shaxsan ko‘rib chiqqani muhim ahamiyat kasb etgani aytilgandi. Zero, viloyat sudi raisi chiqargan qaror unga amalda tobe (qonunan bir maqomda bo‘lsa-da!) sudyalar bekor qilomasligi nodongayam ayon-da.

Demak, shubhalarda asos yo‘q emasday. Andijon viloyati hokimi matbuot kotibi M.Botirovga tegishli ekani aytilayotgan yozmishlarga ishonsak,  asakalik blogerning qamalishi shunchaki yuz bermagan, aksincha, «hokim tiq, degani» uchun «tiqilgan»i oydinlashmoqda.  

Voqealar rivojini birgalikda kuzatamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring