Lukashenko: O‘zbekistondan keladigan mehnat muhojirlari tanlab olinadi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish tizimli va qat’iy nazorat asosida amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala yaqinda Minskda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham muhokama qilingan.
«Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazdik. O‘zbekistonda aholini ish bilan ta’minlash masalasi dolzarb. Bizda esa kadrlarga ehtiyoj bor. Shuning uchun odamlarni taklif qilish tizimini ishlab chiqyapmiz», – dedi Lukashenko.
Uning ta’kidlashicha, yaqin vaqtda O‘zbekistondan taxminan 200 nafar mutaxassis Vitebsk viloyatida ishlash uchun Belarusga kelishi kutilmoqda.
Lukashenko mehnat muhojirlari mamlakat bo‘ylab ehtiyojga qarab taqsimlanishini, ularni bir joyga jamlash rejalashtirilmayotganini bildirdi.
Belarus rahbariga ko‘ra, ishchilarni tanlash jarayonida mamlakat elchixonasi va ish beruvchilar ishtirok etadi. Har bir korxona o‘ziga qancha xodim va qaysi mutaxassislik vakillari kerakligini belgilaydi, ular uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
«Tartib bo‘lishi shart. Hammani birdaniga qabul qilish mumkin emas. Tanlab, maqsadli ravishda – kimga qancha xodim kerak bo‘lsa, shuncha taklif qilinadi», – dedi Lukashenko.
Shuningdek, u mehnat muhojirlarining oilalari bilan kelishi ma’qul ekanini, Belarus ularga turar joy va mahalliy fuqarolar bilan teng mehnat huquqlarini ta’minlashga tayyorligini ta’kidladi.
Belarus Prezidenti administratsiyasi rahbari Dmitriy Krutoyning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev ham mazkur masalani shaxsan nazorat qilib, Belarusga asosan malakali mutaxassislar yuborilishini ta’minlaydi.
Hozirgi vaqtda Belarusda 7 ming nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ro‘yxatda turibdi. Ularning bir qismi ishlayotgan bo‘lsa, yana bir qismi mamlakat oliygohlarida tahsil olmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter