Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda uy-joy bozorida oldi-sotdi bitimlari qariyb 50 foizga oshdi

O‘zbekistonda uy-joy bozorida oldi-sotdi bitimlari qariyb 50 foizga oshdi

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bankning pul-kredit siyosati sharhida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, yanvar–mart oylarida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 110,1 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga ko‘paygan.

Eng yuqori o‘sish sur’ati:

  • Toshkent shahri – 64 foiz;
  • Sirdaryo viloyati – 67 foiz;
  • Andijon viloyati – 56 foiz;
  • Navoiy viloyati – 52 foiz.

Mutaxassislar bu holatni joriy yilning 1 aprelidan eskrou tizimi joriy etilgani bilan izohlamoqda. Yangi tartib kuchga kirishidan oldin ko‘plab fuqarolar va tadbirkorlar oldi-sotdi shartnomalarini tezlashtirgan.

Shu bilan birga, birinchi chorakda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 5,7 trillion so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga ko‘p.

Hisobotda qayd etilishicha, uy-joy qurilishi ham o‘sishda davom etgan. Yanvar–mart oylarida foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 3,3 million kvadrat metrni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,6 foizga ko‘pdir.

Ko‘chmas mulk bozoridagi yuqori talab fonnida uy-joy narxlari ham o‘sgan. Birlamchi ko‘p qavatli uy-joylar narxi dollar hisobida 8,1 foiz, ikkilamchi bozorda esa 9,4 foizga qimmatlashgan. So‘mda hisoblaganda o‘sish mos ravishda 1,8 va 3 foizni tashkil etgan.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, ipoteka kreditlari hajmining ortishi, aholi real daromadlarining o‘sishi va qurilish sohasiga investitsiyalar ko‘payishi uy-joy bozoridagi barqaror talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring