«Surxon» davlat qo‘riqxonasida ilk bor jayronlar paydo bo‘ldi
Surxondaryo viloyatidagi «Surxon» davlat qo‘riqxonasi hududida ilk bor jayronlar tasvirga olindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1986 yilda tashkil etilgan qo‘riqxona hududida birinchi marta jayronlar kuzatilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qo‘riqxonada yaratilgan qulay tabiiy sharoitlar tufayli Turkmaniston hududidan 10 bosh jayron bu yerga ko‘chib o‘tgan.
Jayron soni kamayib borayotgan noyob hayvonlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN)ning Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, XX asrning birinchi yarmigacha jayronlar O‘zbekistonning qum sahrolari va tog‘oldi hududlarida keng tarqalgan bo‘lsa, bugungi kunda ular faqat ayrim o‘zlashtirilmagan hududlarda saqlanib qolgan.
Hozirda jayronlar Ustyurt platosi, Qizilqum va unga tutash hududlar, Qarshi cho‘li hamda Surxondaryo viloyatining ayrim qismlarida uchraydi. Ular odatda guruh yoki poda bo‘lib yashaydi va keng hududlar bo‘ylab ko‘chib yuradi.
Ma’lumot uchun, «Surxon» davlat qo‘riqxonasi 1986 yil 8 sentyabrda Sherobod tumanida tashkil etilgan. Qo‘riqxona hududida 200 ga yaqin hayvon turi yashaydi, ulardan qariyb 30 tasi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter