Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda 34 kilogrammdan ortiq narkotik fosh etildi

Toshkentda 34 kilogrammdan ortiq narkotik fosh etildi

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Toshkent shahridagi «Qo‘yliq» bozori yaqinida shubhali tarzda to‘xtab turgan «Lasetti» rusumli avtomobil tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruv jarayonida avtomashinani Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 1968-yilda tug‘ilgan shaxs boshqarib kelgani aniqlandi. Avtomobilda shuningdek, 1984-yilda Denov shahrida tug‘ilgan va hozirda Toshkent shahrida yashovchi fuqaro ham bo‘lgan.

Ko‘zdan kechirish davomida transport vositasi salonidagi plastik idish ichida 30 ta o‘ramga joylangan jami 34 kilogramm 610 gramm og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari borligi ma’lum bo‘ldi. Ular ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, musodara qilingan narkotiklar orasida 12 kilogramm 960 gramm «opiy» va 21 kilogramm 650 gramm «gashish» moddalari mavjud bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumonlanuvchilarga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring