Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yaponiya O‘zbekiston davlat xizmatchilariga ta’lim granti ajratdi

Yaponiya O‘zbekiston davlat xizmatchilariga ta’lim granti ajratdi

Vazir I.Abdurahmonov hamda elchi T.Hatori.

5 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ta’limga oid grant hujjati imzolandi. Unga muvofiq O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari Kunchiqar o‘lkada tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi.

300 million iyena miqdoridagi (taxminan 2 million 190 ming AQSh dollari) «Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish» loyihasi bo‘yicha almashinuv notasi O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori tomonidan imzolandi.

Yaponiya hukumatining beg‘araz yordam dasturi doirasida 2024 yilda O‘zbekistonning 18 nafar yosh davlat xizmatchisi magistratura (2 yil) va 1 nafar yosh davlat xizmatchisi doktorantura (3 yil) bosqichida ta’lim oladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Yaponiya hukumati tomonidan 20 yildan ortiq vaqt mobaynida moliyalashtirilayotgan mazkur loyiha doirasida 390 nafar O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari Kunchiqar o‘lkaning nufuzli universitetlarida tahsil oldi. Ular magistrlik va doktorlik darajasi bilan vatanga qaytib, hozirda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda.

Yaponiya tomoniga O‘zbekistonda ta’lim rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirgan vazir I.Abdurahmonov loyiha doirasida iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish, davlat moliyasi va biznes boshqaruvi, huquq, tibbiyot, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi resurslari kabi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanishini qayd etgan.

Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun yapon hukumati O‘zbekistonda malakali kadrlar tayyorlash va ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni rag‘batlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirish niyatida.

Yaponiya an’anaviy ravishda O‘zbekiston davlat idoralari xodimlariga ta’lim grantlari taqdim etib keladi. O‘tgan yili ham 298 million iyena (2,76 mln dollar) qiymatiga teng grant ajratilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring