Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy avtomobilsozlik tarixi: hamkorlik va raqamlar

Milliy avtomobilsozlik tarixi: hamkorlik va raqamlar

O‘zbekistonda sanoat rivojlanishida avtomobilsozlik sohasi alohida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan istiqbolli sohalardan biri hisoblanadi. Xususan, avtomobilsozlik biznesi ichki bozorda aholining avtomobillarga bo‘lgan talabini qondirish, mamlakatdan valyuta chiqib ketish oqimini kamaytirish hamda eksport orqali davlatga valyuta tushumini oshirish asosida to‘lov balansining ijobiy saldosini ta’minlashda sezilarli ulushga ega ekanligi aytiladi.

Shuningdek, sohaning rivoji aholi bandligini ta’minlash, real daromadlarini oshirish kabi muhim ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga hizmat qiladi. Bundan tashqari kapital talab va bilimtalab soha sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda muhim rol o‘ynaydi. Avtomobilsozlik sohasiga muttasil qiziqish hamda uning insoniyat hayot tarziga sezilarli ta’siri ko‘plab tadqiqotlarda o‘z tasdig‘ini topgan.

Milliy avtomobilsozlik tarixi 1992-yilda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona barpo etishga kelishib olingan kundan boshlanadi. 1993–1996 yillarda Asaka shahrida «Uz-DAEWOO» zavodi barpo etildi va «Damas», «Tiko», «Nexia» rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 1996-yilda 25,3 ming, 1997-yilda 64,9 ming, 1998-yilda 54,4 ming, 1999-yilda 58,4 ming, 2004-yilda 70 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. «Uz-DAEWOO» zavodida 1999–2003 yillarda «Matiz», «Lacyetti» rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston dunyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi 28-mamlakatga aylandi. «Uz-DAEWOOavto» zavodi 10 yil (1996–2006 yil iyun) davomida 571 580 ta avtomobil tayyorladi, ularning 198 609 tasi xorijga eksport qilindi.

Samarqandda avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «SamKochavto» zavodi qurildi va 1999-yilda ishga tushirildi. 2000-yilda «SamKochavto» zavodi 483 ta avtobus, 102 ta yuk avtomobili ishlab chiqardi.

Respublikada avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi o‘nlab yangi korxonalar ishga tushirildi. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida avtomobillarga butlovchi qismlar tayyorlaydigan 61 ta qo‘shma korxonalar qurilib ishga tushirildi.

2007-yilda «O‘zavtosanoat» uyushmasi bilan AQShning General Motors kompaniyasi o‘rtasida «GM–Uzbekistan» qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

2009-yildan Germaniyaning «MAN Nutzfahrzeuge AG» konserni hamkorligida «MAN Auto–Uzbekistan» qo‘shma korxonasi tashkil etilib, «MAN» yuk mashinalari ishlab chiqilmoqda. Samarqandda barpo etilgan va ishga tushirilgan «SamKochavto» zavodida avtobus va yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

Mashinasozlik sanoatining yirik korxonalari – Toshkent traktor zavodi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, Toshkent va Chirchiq qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, Toshkent agregat zavodi va boshqa korxonalar mustaqillikning dastlabki yillarida uchragan qiyin chiliklarni yengib o‘tdi. Birgina Toshkent traktor zavodida 2000-yilda 954 ta, 2001 yilda 1002 ta traktor ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi paytda yiliga 3,5–4 ming donagacha traktor, minglab tirkamalar ishlab chiqarilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring