Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Bu safar jim turolmayman!

Bu safar jim turolmayman!

Фото: «Xabar.uz»

«Asaxiy Books» loyihasini birinchilardan bo‘lib qo‘llagan edim. Chunki noshirlikka yangi havo, yangi ovoz bilan kirib keladi deb ishongandim. Ammo bolalar mana ikkinchi ishda ham qovun tushirishdi.

«Bir marta bo‘lgan ish takrorlanmas, ammo ikkinchi marta bo‘lsa, demak takrorlanadi», degan gapning haq ekanligiga ko‘p bor amin bo‘lganim uchun, bu safar jim turmayman.

«1984» — o‘zbek noshirlari chop etishga «duxi yetmagan» asar deb bong urildi («Buzrukning kuzi» kabi asarlarni bilishmaydi chog‘i). Ichida xatolari ko‘p edi. Mayli, birinchi ish deb qo‘ydik. Mana endi Den Braun.

Bu «1984»dan farqli ravishda badiiy yuksak, kuchli asar emas, shunchaki detektiv, sariq kitob. Lekin sariq kitoblar ham yashashga haqli, shu sababli bu borada e’tiroz bildira olmayman. «Asaxiy Books» u chegaradan bunisiga sakrashni ma’qul topibdi deb qo‘yaqolaman.

Kitobni chop etishda qonun me’yorlari buzildi.

Asarda bir necha ochiq sahnalar bor: g‘arb kitoblarida odatda bunaqa narsalar bo‘ladi. Buni oqlash yo qoralash mening ishim emas — voyaga yetgan har qanday insonni pornografiya, erotika mazmunidagi axborotdan cheklash mumkin emas, bu uning huquqi. Ammo voyaga yetmaganlar-chi?

Kitob muqovasiga 18+ belgisi qo‘yilishi kerak edi (Ushbu maqola ijtimoiy tarmoqqa joylanganidan keyin bu belgi «Asaxiy Books» saytida qo‘yilibdi). Bu — «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talabi. Uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 848-son qarori ilovasida axborot mahsulotlarini yosh toifasiga oid tasniflash prinsiplari bayon qilingan.

Qaror ilovasining 11-bandida bolalar o‘rtasida tarqatish taqiqlangan (18+) axborot mahsuloti sifatida «pornografik xususiyatga ega bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan» axborot ham sanab o‘tiladi. Ya’ni shunday axborot tarqatilayotganda, unga yoshga doir cheklov qo‘yilishi kerak.

Den Braunning «Asaxiy Books» loyihasi doirasida chop etilgan «Raqamli qal’a» kitobida shu talab bajarilmagan. Yana shu holicha kitob ijtimoiy tarmoqlarda faol reklama qilinyapti.

Kecha kitobning o‘sha pornografik axborot tashigan joylari ijtimoiy tarmoqqa joylanib, bu senzurasiz, ya’ni erkin kitob deb taqdim etildi. Tagidagi sharhlarda esa kitobni qayerdan olish mumkinligi haqida ma’umot berildi. 90-yillar jurnalistikasining «Xochesh uspexa — dobav seksa» qoidasi amalda qo‘llanayotgandek go‘yo.

Mayli, bu kitobni chop etuvchilarning huquqi, shuncha pul tikib nashr etgach, reklama qiladi-da. Faqat har ishning tartib-qoidasiga rioya etish kerak. Kimlardir bu pornografiya emas, erotika deyapti. Bahs terminlar ustiga ko‘chishi mumkin, lekin mohiyat o‘zgarmaydi.

Men kitob bozorining boyishi va rang-baranglashuvi tarafdoriman, noshirlik rivojlanishini istayman. Ammo kechagi bahslarda bir zakiy foydalanuvchi aytganidek: «bulg‘anganidan bo‘sh turgani afzal», ya’ni sifatsiz kitoblar bilan bozorni to‘ldirgandan ko‘ra, bozor bo‘sh qolgani yaxshi.

Kitobning tili, imlo va uslubiy xatolari — alohida mavzu! O‘zbek «ORQASI BILAN» yiqilmaydi (orqasi bilan deganda boshqa narsa nazarda tutiladi), ORQAMAChASI yiqilishi mumkindir balki. Oyoqlari O‘RTASIGA cho‘kkalasa, qizni mayib qiladi, oyoqlari ORASIGADIR balki...

Kitob 30 kunda chiqadigan jurnal emas. Noshirlik shunchaki biznes ham emas. Yaxshi filolog degani yaxshi muharrir degani ham emas. Muharrir va noshir — kitobning taqdiriga javobgar odamlar. Shu javobgarlikni his qilish kerak.

Bu kitob amaldagi qonun va tartiblarga ko‘ra ham, mazmunan ham 18+ asar. Uni bolalaringizga o‘qitmang. O‘zMAA va uning tarkibidagi «Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi» (OKSMM) bu borada o‘z so‘zini aytadi degan umiddamiz.

Kitob noshirlari o‘zlarini erkin, senzurasiz kitob chop etdik, deyishyapti. Bu ishlarida ularni qo‘llayman. Faqat qonunlarni ham o‘rganib qo‘ysinlar, huquqiy madaniyat hammaga kerak. Ayniqsa, ziyo tarqataman deganlarga.

«Asaxiy Books» loyihasini esa jamoatchilik nazoratiga olamiz. Boshidan to‘g‘ri ishlashga o‘rgansalar, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring