Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Slovakiya va Vengriya Ukrainaga elektr energiyasi bilan tahdid qildi

Slovakiya va Vengriya Ukrainaga elektr energiyasi bilan tahdid qildi

Slovakiya va Vengriya rahbarlari Rossiya neftining «Drujba» quvuri orqali tranziti to‘xtatilgani ortidan Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni cheklash yoki to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishlarini ma’lum qildi.

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Ukraina prezidenti Zelenskiydan neft tranzitini 23-fevral, dushanba kuniga qadar tiklashni talab qildi. Aks holda, Bratislava javob choralarini ko‘rishga tayyorligini bildirdi.

Fitso o‘z bayonotida G‘arbni tanqid qilib, agar «Shimoliy oqim» gaz quvuri portlatilishiga nisbatan keskin munosabat bildirilmagan bo‘lsa, Slovakiya Ukraina bilan munosabatlarda bir tomonlama yondashuvni qabul qila olmasligini aytdi. U Slovakiyani «g‘ururli va suveren davlat» deb atadi.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham Kiyevga nisbatan qat’iy choralar ehtimolini istisno etmadi. Uning aytishicha, agar neft tranziti qayta tiklanmasa, Budapesht Ukrainaga elektr energiyasi eksportini to‘xtatishi mumkin.

Orban Vengriya bir necha oyga yetadigan neft zaxirasiga ega ekanini ta’kidlar ekan, hukumat uchta qarshi chora ko‘rishi mumkinligini bildirdi. Unga ko‘ra, ulardan ikkitasi allaqachon amalga oshirilgan, uchinchi chora esa elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish bo‘lishi mumkin.

20-fevral kuni Ukraina Yevropa Ittifoqiga «Drujba» o‘rniga Odessa — Brodi neft quvuridan vaqtincha foydalanishni taklif qildi. Bu orqali Vengriya va Slovakiyaga yoqilg‘i yetkazib berish rejalashtirilgan.

Rossiyaning to‘liq miqyosdagi bosqini boshlanganidan buyon Ukraina energetika tizimi muntazam ravishda ommaviy hujumlarga uchrab kelmoqda. Issiqlik elektr stansiyalari, podstansiyalar va generatsiya ob’yektlariga zarbalar berilishi natijasida mamlakat bir necha qish mavsumi davomida keng ko‘lamli elektr uzilishlariga duch keldi.

2022–2023 yillar kuz va qish oylarida Ukraina mustaqillik yillaridagi eng yirik energetik inqirozni boshdan kechirdi. Millionlab aholi bir vaqtning o‘zida elektr, issiqlik va suv ta’minotisiz qoldi. Qator hududlarda favqulodda va barqarorlashtiruvchi o‘chirish jadvallari joriy etildi.

2024 va 2025-yillarda ham infratuzilmaga yangi zarbalar ortidan vaziyat takrorlandi. Yirik generatsiya ob’yektlarining shikastlanishi quvvat tanqisligini keltirib chiqardi, ayniqsa pik soatlarda. Ayrim hudadlarda avariyaviy o‘chirishlar joriy etildi, sanoat korxonalari uchun esa iste’mol cheklovlari qo‘llanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring