Abror Muxtor Aliy mas’ul vazifaga tayinlandi
O‘zbekiston musulmonlari idorasida yangi tashkil etilgan «Qur’on tajvidini o‘rgatish» bo‘limi mudiri o‘rinbosari vazifasiga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori, taniqli bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Abror Muxtor Aliy Andijon viloyatida joylashgan «Sayyid Muhyiddin Mahdum» madrasasidagi tayyorlov kursida tahsil olib, Namangan shahridagi «Mulla Qirg‘iz» (hozirgi «Hidoya») o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasida o‘qigan. Shundan so‘ng Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olgan.
2008-yil Respublika qorilar musobaqasida ishtirok etib, «mujavvid qorilar» yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni olgan. 2008-yil Toshkent viloyati «Olimjon ota» jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishlagan. 2008-2009-yillarda Xorazm viloyatidagi «Faxriddin ar-Roziy» o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasi o‘qituvchi vazifasida xizmat qilgan. 2009-2011-yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining Oliy jurnalistika kurslarida tahsil olib, magistrlik darajasini olgan.
Mashhur alloma Izuddin Bayyanuniyning «Tahorat va namoz hukmlari» nomli kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Oltin silsila» hadislar to‘plami tarjimonlaridan biri hisoblanadi.
Abror Muxtor Aliy bloger sifatida ham katta shuhrat qozongan. Voqea-hodisalarga tezkor va ilmiy asosli munosabat bildirishi ham e’tiborga molikdir, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter