Allergik kasallik ko‘rsatkichlari yuqori joylarda ommaviy tekshiruvlar o‘tkaziladi
Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik ko‘rsatkichlari ustidan nazorat kuchaytiriladi. 2024-yildan esa allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko‘rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Bu borada «Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan:
- allergik va immunologik kasalliklarga chalingan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lgan bemorlarni ingalyasion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
- hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshiriladi;
- Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilinadi.
Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, 2024-yildan quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi:
- allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko‘lami hududlar kesimida o‘rganilib, uning natijalari Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;
- aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko‘lami to‘g‘risidagi ma’lumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid ma’lumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali e’lon qilib boriladi.
2024-yil 1-aprelgacha allergik kasallikka chalingan bemorlarning elektron reyestri yaratilib, amaliyotga tatbiq etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter