Andijonda umumiy qiymati 5 mlrd so‘mlik soxta dori ishlab chiqarish sexi fosh etildi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sifati kafolatlanmagan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqargan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tergovga qadar o‘rganishlarda Andijon shahridagi bir manzilda to‘rtta yuridik shaxs faoliyat yuritgani aniqlangan. Ular «oziq-ovqat mahsulotlari uchun kimyoviy qo‘shimchalar» ishlab chiqarish niqobi ostida noqonuniy ravishda turli dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar tayyorlab kelgan.
Ma’lum qilinishicha, yashirin laboratoriyada aholi orasida keng tarqalgan «Vitamix», «Gegsi», «Ferrumfer», «Winds Baby», «Lyuvit», «Yodovit», «Gepporooz», «Bifidolin» va «Yodoplyus» kabi 100 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

Ular orasida bolalar uchun siroplar, og‘riq qoldiruvchi vositalar, bo‘g‘im va teri kasalliklari uchun preparatlar, qon ko‘paytiruvchi dori vositalari, shamchalar hamda maxsus choylar ham bo‘lgan.
Tezkor tadbir ishtirokchilari mahsulotlarning tashqi ko‘rinishi ishonchli va zamonaviy qiyofada qadoqlanganini qayd etgan.
Biroq dori vositalari tayyorlangan va saqlangan joylarda sanitariya talablariga mutlaqo rioya qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Tadbir davomida manzildan 13 dona dori va biologik qo‘shimcha ishlab chiqarish uskunalari, olti dona muhr va mahsulotlarga yaroqlilik muddatini tushiruvchi qurilmalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, 214 ming dona yozuvsiz bo‘sh shisha idish, 78 ming dona bo‘sh kapsula, 100 turdagi 503 ming 209 dona sifati kafolatlanmagan tayyor mahsulot hamda 105 kilogramm nomsiz kukunlar musodara qilingan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yashirin sexda tayyorlangan mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 5 milliard so‘mni tashkil etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter