Andijondagi baxtsiz hodisada 4 nafar texnik xodim vafot etdi
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Markaziy poliklinika hududida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi.
Xabar qilinishicha, joriy yil 10-iyun kuni Marhamat tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasa hududida xizmat vazifalarini bajarish jarayonida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida tibbiyot birlashmasi texnik xodimlari — I. Nishonov, M. Matxoliqov, Q. Mamajonov hamda L. Qosimov vafot etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur fuqarolar poliklinika hududidagi hojatxona qudug‘ini tozalamoqchi bo‘lishgan. Ular o‘sha yerda yig‘ilgan zaharli gazdan zaharlanib hushini yo‘qotgani va vafot etgani taxmin qilinmoqda.
«Mazkur holat ehtiyotsizlik oqibatida yuzaga kelgan. Hodisa yuzasidan barcha holatlar qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.
Ayni vaqtda Marhamat tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Ayni paytda hodisaning kelib chiqish sabablari, shuningdek, unga sabab bo‘lgan omillar yuzasidan batafsil o‘rganish ishlari olib borilyapti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter