Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz ikki mega tendensiyaga duch kelmoqdamiz» – Jozep Borrel Samarqandda muhokama etiladigan masalalarga oydinlik kiritdi

«Biz ikki mega tendensiyaga duch kelmoqdamiz» – Jozep Borrel Samarqandda muhokama etiladigan masalalarga oydinlik kiritdi

Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda birinchi raqamli donor bo‘lib qolmoqda. Jumladan, 2014-2020 yillarda mintaqa uchun 1,1 milliard yevrolik yordam ko‘rsatilgan. Bu haqda Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning Samarqandda o‘tadigan nufuzli tadbir oldidan yozgan maqolasida so‘z boradi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi: Global darvoza» deb nomlangan yirik anjuman bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrelning ham ishtiroki kutilmoqda.

«Asrlar davomida Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalar jamiyatlarimizni shakllantirishda juda muhim rol o‘ynadi. Bu qadimgi davrda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Yevropa va Osiyo sivilizatsiyalarini bog‘lovchi, resurslar, madaniyat va o‘zaro ta’limni tarqatuvchi savdo-sotiq gullab-yashnashidan ancha oldin bo‘lgan. Lekin aloqalar doimiy e’tiborni talab qiladi va oxirgi paytlarda mintaqalarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga e’tibor bermay qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin. YeI Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan birgalikda buni tuzatishga qaror qildi», – deydi Jozep Borrel.

Diplomat joriy yil 28-oktyabr kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonga tashrif buyurganini bu boradagi muhim qadam ekanini urg‘ulagan.

«Biz geosiyosiy muammolar kuchayib borayotgan va kuch siyosati o‘sgan davrda yashayapmiz. Shuningdek, biz ikkita mega tendensiyaga duch kelamiz: iqlim o‘zgarishi hamda iqtisodiyotlarimiz va jamiyatlarimizni raqamlashtirish. Shuning uchun yashil iqtisodiyot tomon o‘tishni tezlashtirish va raqamli iqtisodiyotni shakllantirish YeIning siyosat kun tartibi, tashqi siyosatimizning markazidir. YeI «Global darvoza» bilan global darajada yashil va raqamli o‘tishni targ‘ib qilmoqda. Biz qilayotgan barcha sa’y-harakatlar hamkor mamlakatlar ehtiyojlarini qondirish va mahalliy hamjamiyatlarga imtiyozlar berishga asoslangan», – deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, Yevropa Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan bir xil muammolarga duch kelmoqda: pandemiyadan keyin iqtisodiyotni tiklash, energetika va iqlim inqirozini hal qilish, Rossiyaning Ukrainaga bosqini natijasida yuzaga kelgan beqarorliklarni bartaraf etish. Ayni choqda, bu muammolar yanada barqaror va o‘zaro bog‘liq global iqtisodiyotga sarmoya kiritish imkoniyati hamdir.

«Samarqandda biz uchta mavzuni ko‘rib chiqamiz: raqamli aloqa, transport aloqasi va energiya aloqasi. Har uchala yo‘nalishda biz investitsiya imkoniyatlarini aniqlab, yaqinroq aloqalarni o‘rnatish uchun katalizator bo‘lishi mumkin bo‘lgan islohotlarni ta’kidlab, yaqinroq hamkorlik qilish yo‘llarini izlaymiz. Biz siyosatchilar va texnik ekspertlarni, xalqaro moliya institutlarini, eng muhimi, biznes hamjamiyat a’zolarini va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiramiz. Odamlar o‘rtasida robita o‘rnatish orqali biz mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yamiz», – deydi YeI bosh diplomati.

Raqamli sohada xavfsiz platformalar yaratish, jug‘rofiy to‘siqlarni yengish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yaxshilash hamda ta’lim, ish o‘rinlari yaratishni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari qidiriladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi barqaror transport aloqalarini mustahkamlash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va yashil o‘sishni kuchaytirish yo‘llari ko‘rib chiqiladi.

Keyingi paytlarda iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligining oqibatlari tobora jiddiy tus olmoqda. Shunga ko‘ra anjumanda yashil energiyaga bo‘lgan talabni qondirish uchun past uglerodli energiya ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaxshilash imkoniyatlari tadqiq etiladi. Zotan, qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishini suv va chiqindilarni boshqarishni yaxshilash yo‘llari bilan oshirishdan umumiy manfaatdorlik mavjud.

«Bizning Yevropa va Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi haqidagi tasavvurimiz YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi fonida o‘rnatilgan. Biz Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan yanada kuchliroq, kengroq va zamonaviyroq hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yo‘lida davom etmoqdamiz. Bizning siyosiy majburiyatimiz esa aniq yordam bilan mustahkamlangan», – deydi J.Borrel.

Ma’lum qilinishicha,  YeI institutlari va YeIga a’zo davlatlar Markaziy Osiyoda birinchi raqamli donor bo‘lib, 2014-2020 yillarda mintaqa uchun 1,1 milliard yevrolik yordam ko‘rsatgan. Mintaqaga 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan taxminiy umumiy grant miqdori ikki tomonlama va hududiy dasturlarni qo‘shgan holda kamida 390 million yevroni tashkil qiladi. Bu «Yevropa jamoasi» deb ataluvchi ikkita mintaqaviy tashabbusni o‘z ichiga oladi: biri raqamli ulanish bo‘yicha, ikkinchisi esa YeI Samarqandda rasman ishga tushiradigan suv, energiya va iqlim bo‘yicha.

«Team Europe» – YeI institutlari, a’zo davlatlar va moliya institutlari birgalikda ishlaydigan loyihalar uchun foydalanadigan brenddir.

J.Borrelga ko‘ra, YeIning o‘zaro bog‘liqlik haqidagi qarashlari inklyuziv xarakterga ega va Bryussel bu jarayonda boshqa hamkorliklarni siqib chiqarmoqchi emas.

«YeIda biz «ochiq strategik avtonomiyamiz»ni qurmoqdamiz. Bu, asosan, xalqaro huquq, mustahkam qoidalar va xalqaro standartlar asosida qurilgan global tizim doirasida o‘z strategik tanlovimizni amalga oshirish erkinligini qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha qaramlikdan qochish va muqobil variantlarga ega bo‘lishdir. Tabiiyki, biz hamkorlarimizning ham o‘z avtonomiyalari va tanlash erkinligini yaratish istagini tushunamiz», – deydi YeI oliy vakili.

Ta’kidlanishicha, YeI dunyodagi eng yirik sarmoyador sifatida Markaziy Osiyoda dunyo bilan chambarchas bog‘langan yangi yashil raqamli iqtisodiyotni qurishga yordam bermoqchi.

«Samarqanddagi vazifamiz islohotlar va biznesni jalb qilish imkoniyatlarini aniqlash va amalga oshirish orqali sarmoyani rag‘batlantirishdan iborat. Markaziy Osiyo iqtisodiyoti jonli ravishda o‘sib bormoqda. U ulkan salohiyatga ega. Geosiyosiy notinchlik va o‘zgarishlar dunyosida Yevropa Ittifoqi ishonchli hamkor hisoblanadi. Shuning uchun men Yevropaning ushbu muhim mintaqa muvaffaqiyatini ta’minlashda o‘z rolini o‘ynashini intiqlik bilan kutaman», – deb xulosa qiladi Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring