Dorixonalarning aksariyatida spirt o‘rniga loson sotilgani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi «Sirli mijoz» tadbiri doirasida kelib tushgan murojaatlar asosida dorixonalarda spirt mahsulotlarining realizatsiya qilinishi holatlarini o‘rgandi.
O‘rganishlarda 20 dan ortiq dorixonalar qamrab olindi va shundan taxminan 25 foizida spirt so‘ralganda uning o‘rniga loson berilgani aniqlandi.
Shu bilan birga, dori vositalarini ishlab chiqarishda GDP sertifikatlari joriy etilib, sifat nazorati kuchaytirilgan davrda ayrim spirt ishlab chiqaruvchilar litsenziya olmagan va spirt o‘rniga loson ishlab chiqarishni boshlagan.
«Mazkur holat yuzasidan iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilmagani ularni chalg‘itishga olib kelgan.
Ma’lumki, 70 foizli tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida ya’ni: in’yeksiyalar oldidan terini ishlov berish, asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish, yaralarni davolash va jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi.
Loson esa tarkibida spirt miqdori past bo‘lgan kosmetik mahsulot hisoblanadi va asosan terini tozalash va ortiqcha yog‘lanishni kamaytirish, kosmetika qoldiqlarini bartaraf etishga mo‘ljallangan», – deyiladi qo‘mita munosabatida.
Ta’kidlanishicha, shu bois, spirt o‘rniga loson taklif etilishi kutilgan natijani bermasligi va iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin.
Ushbu holat o‘z navbatida iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumot berilishi va natijada zarar yetkazilishiga ham olib keladi.
Raqobat qo‘mitasi ushbu holatni qonunchilik talablari buzilishi alomatlari sifatida e’tirof etib, dorixonalarga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atish va bunday holatlarni oldini olish choralarini ko‘rish haqida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat chiqargan.
Qo‘mita, shuningdek, yuqoridagilardan kelib chiqib, dorixonalarni iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik qonunchilik talablarini buzilishi ekanligi bo‘yicha ogohlantirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter