“Do‘stona ruh, ochiq shakl” – Yaponiya TIV vakili O‘zbekistonda o‘tgan muzokaralarni baholadi

Strategik dialog bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolash payti.
Yaponiya Markaziy Osiyodagi eng ko‘p nufusga ega davlat, ishonchli, mas’uliyatni his etuvchi hamkor bo‘lgan O‘zbekiston bilan aloqalarni ayricha qadrlaydi. Bu haqda Yaponiya tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi, vazirlikning Matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar direksiyasi bosh direktori Kitamura Tosixiro 27 avgust kuni Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi.

Foto: Xabar.uz
“Bu – Yaponiya tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga so‘nggi uch yildagi birinchi tashrifidir. Bugun Yaponiya va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari darajasidagi birinchi strategik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Men ushbu uchrashuvni do‘stona ruhda, ochiq va samimiy shaklda o‘tganini ta’kidlashni istardim. Muzokaralar yakunida ikki davlat tashqi ishlar vazirligi o‘rtasidagi Strategik dialog bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolandi. Qo‘shma kommyunike hamkorlikka doir keng qamrovli masalalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir”, – dedi Kitamura Tosixiro.
Qayd etilishicha, Yaponiya tashqi ishlar vazirining tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotini yanada takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
“Yaponiya Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan “C5+1” formatining tashabbuskori sifatida mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga harakat qilmoqda. O‘tgan yil avgust oyida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyadagi zilzila sabab ushbu oliy darajadagi uchrashuv keyingi qoldirilgan edi. Ayni paytda sammitni imkon qadar tez muddat o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu formatdagi muloqot mintaqada
birdamlik va farovonlikka zamin hozirlaydi”, – deydi Yaponiya TIV rasmiy vakili.
Ma’lum qilinishicha, vazir Takesi Ivayaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikkita grant bitimi ham imzolandi. Jumladan, “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” dasturi doirasida rasmiy Tokio yigirmaga yaqin davlat xizmatchisining Yaponiya universitetlarida tahsili uchun grant ajratadi.
Qayd etish joizki, hozirga qadar 430 dan ziyod o‘zbekistonlik davlat xizmatchisi Kunchiqar o‘lkada bilim va malaka oshirdi. Jumladan, Yaponiya hukumatining beg‘araz yordam dasturi doirasida 2024 yilda O‘zbekistonning 18 nafar yosh davlat xizmatchisi magistratura (2 yil) va 1 nafar yosh davlat xizmatchisi doktorantura (3 yil) bosqichida ta’lim olgan edi.
Imzolangan ikkinchi bitimga ko‘ra esa, Yaponiya BMTT dasturlari doirasida Surxondaryo viloyatida aholi zaif qatlamining kasbiy ta’limi uchun moliyaviy ko‘mak ajratadi.
Ta’kidlanishicha, Yaponiya O‘zbekiston hukumatining ustuvor maqsadlari bilan hamohang yo‘nalishlarda ko‘mak, xayrixohlik va hamkorlikda davom etadi.
Yaponiya TIVning matbuot kotibi ko‘plab sohalar qatori “yashil” energetika, raqamlashtirish, inson resurslari kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqboli porloq ekanini urg‘uladi.
Katta demografik salohiyatga ega O‘zbekiston Yaponiya uchun malakali mutaxassislar tayyorlash borasida ham manfaatli takliflar ilgari surishi mumkin.
“Bilishimcha, O‘zbekiston aholisi yiliga taxminan 800 ming kishiga ko‘paymoqda. Yaponiyada esa buning teskarisi kuzatilmoqda. Hozirda mamlakatimiz aholisi 125 mln kishini tashkil etayotgan bo‘lsa, 50 yildan keyin bu raqam 70-80 mln nafarga tushishi kutilmoqda. Shu bois Yaponiya o‘ziga xos vazminlik bilan malakali xorijiy ishchi kuchini jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. O‘zbekiston hukumati bilan muloqot va
muzokaralarda mehnat migratsiyasi masalalari ham chetda qolmaydi”, – deydi Yaponiya TIVning matbuot kotibi Kitamura Tosixiro.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yaponiyalik hamkasbi Takesi Ivaya bilan muloqotni ijobiy baholab, bugun imzolangan Strategik dialog bo‘yicha qo‘shma kommyunike siyosatdan tortib iqtisodiyotgacha, ta’limdan xalqaro aloqalargacha – barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashiga ishonch bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter