Ekspertlar: Bu holat Uchinchi jahon urushiga olib keladi...
AQSh va Rossiya o‘rtasida “covuq urush” davridan keyin ilk bor yadro quroli bo‘yicha chegarasiz poyga yana avj olishi mumkin, deya bong urmoqda G‘arb matbuoti.
Gap shundaki, joriy yil 5 fevral kuni AQSh va Rossiya o‘rtasida imzolangan Strategik hujum qurollarini cheklash va qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma muddati yakunlanadi. Ushbu hujjat AQSh va Rossiyaning yadro kallaklarini 1500 donagacha qisqartirishni, qit’alararo ballistik, suvosti ballistik raketalari sonini ham kamaytirishni nazarda tutadi.
Bitim nafaqat qurol miqdorini kamaytirish, ayni choqda, davlatlar o‘rtasida inspeksiya faoliyatini ham nazarda tutgan. Ya’ni ma’lumot almashuvi va inspeksiya-ko‘rik jarayoni yadro ziddiyatining oldini olgan, xato talqinlarga yo‘l qo‘ymagan.
Reuters agentligi ekspertlarga tayanib yozishicha, yangi bitim imzolanmas ekan, har ikki tomon chegarasiz tarzda yadro quroli sonini oshirishga tushib ketadi, bu esa butun dunyo xavfsizligiga tahdiddir.
Financial Times gazetasi ham yangi bitim imzolanish imkoni past ekani, bu esa buyuk davlatlar o‘rtasida atom urushi xatarini yanada oshirishidan ogohlantirgan.
“Biz yangi qurollanish davri arafasida turganimizga ishonchim komil. Hayotim davomida qurollanishni cheklovchi yana bir shartnoma imzolanishiga umidim kam”, – degan britaniyalik olim Jeyms Akton.
Aksar tahlilchilar ikki yirik davlat o‘rtasidagi yadro ziddiyati Uchinchi jahon urushiga yo‘l ochishi haqida bong urmoqda.
Ayni paytda AQSh ham, Rossiya ham Strategik hujum qurollarini cheklash va qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomani qayta imzolashga tayyor emas. Vashington bitim imzolash zarurligi va bu jarayonga Xitoyni ham jalb etish kerakligini aytmoqda.
Moskva esa yangi bitim butun NATO davlatlari, xususan, Buyuk Britaniya va Fransiyaning yadro qurolini ham chegaralashi kerak deb hisoblaydi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025 yil noyabr oyida agar AQSh ushbu bitim muddatini uzaytirishni istamas ekan, bunga hojat ham yo‘qligini aytgandi.
AQSh va Rossiya yadro zaxirasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar bo‘lib, yadro qurolining 90 foizdan ziyodi mazkur ikki mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Stokholm tinchlik muammolarini tadqiq etish instituti (SIPRI) 2025 yil yanvar oyida bergan ma’lumotlarga qaraganda, Rossiya 4309 dona, AQSh esa 3700 dona yadro kallagiga ega. Xitoy 600 dona kallak ishlab chiqargan, ammo Pekinning yadro zaxirasi yil sayin shiddat bilan o‘sib borayotir.
Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro tashabbus (ICAN) hisobotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda yadro quroliga ega davlatlar ommaviy qirg‘in qurollarini saqlash va takomillashtirish uchun juda katta miqdorda mablag‘ xarjlamoqda. Aniqroq aytganda, dunyo davlatlari ommaviy qirg‘in qurollari uchun har daqiqada 173 884 dollar, har soniyada esa 2898 dollar sarflagan.
Xalqaro tuzilma xulosasiga ko‘ra, ayni paytda dunyoning 9 davlati (AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Isroil, Pokiston va Shimoliy Koreya) ommaviy qirg‘in quroliga ega.
Dunyoda geosiyosiy vaziyat o‘ta taranglashib, yadro qurolini ishga solish ehtimoli kuchayib borayotgani aytilmoqda.
Ukrainada urush olib borayotgan Rossiyaning katta-kichik rutbadagi siyosatchi va siyosatshunoslari so‘nggi vaqtlarda taktik yadro qurolini ishga solish haqida ochiq-oshkora bayonotlar bermoqda.
Bunga javoban NATO rahbariyati ham yadroviy qurollarni shay holatga keltirish, harbiy ittifoqning yadro arsenalini dunyoga namoyish qilish zarurati haqida gapirmoqda.
Avval xabar berganimizdek, “Qiyomat soati” millari ham yadroviy tunga rekord darajada yaqinlashdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter