Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elektron hukumat qurishning «estoncha retsepti»: «Ko‘hna g‘ilof» ichida gullab-yashnayotgan zamonaviy davlat va jamiyat

Elektron hukumat qurishning «estoncha retsepti»: «Ko‘hna g‘ilof» ichida gullab-yashnayotgan zamonaviy davlat va jamiyat

Foto: «Interesting Engineering»

BMTning elektron hukumatlar bo‘yicha 2020-yilgi reytingida 193 mamlakat orasida Estoniya 3-o‘rinni (Daniya va Janubiy Koreyadan so‘ng) band etib, dunyoning eng raqamlashgan uch mamlakatidan biriga aylandi.

Bu shunchaki o‘sish emas — Estoniya ushbu reytingda 2018-yilda 16-o‘rinda edi. Reytingdagi elektron ishtirok indeksida Estoniya uzil-kesil 1-o‘rinda!

Estoniya — chin ma’noda raqamli mamlakat. Estonlar qurgan raqamli jamiyat yashonchanligini ko‘rsatdi: nikoh yoki ajrashish, ko‘chmas mulk sotish yoki xarid qilish istisno qilinganda, qolgan deyarli barchasi internet orqali bajariladi.

O‘zini tutib olgan Estoniya, boshqa mamlakatlar ham «raqamli jarlik»dan o‘tib olishlari uchun, e-Estonia Briefing Centerga asos solgan. Unda 130 dan ortiq mamlakat uchun yechimlar taqdim etilgan. Ishonish qiyin, ammo Yaponiya va AQSh kabi eng ilg‘or mamlakatlar ham mo‘’jazgina Estoniya ko‘magiga tayanishmoqda: birinchisida raqamli retseptlar saytlari ishga tushirildi, ikkinchisi uchun telekommunikatsiyalarda ma’lumotlarni xavfsiz almashish tizimlari ishlab chiqildi.

BMT qayd etishicha, COVID-19 pandemiyasidan so‘ng aksariyat mamlakatlar elektron hukumat strategiyasiga jiddiy yondashishni boshladi. Chunki raqamli iqtisodiyot va savdo uchun bundan qulayi yo‘q. Shuningdek, elektron davlat xizmatlari bo‘yicha amaliyotlarga ham zo‘r berilmoqda.


Ma’lumot uchun: Mamlakatlar elektron hukumatlarini tadqiq etish BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti tomonidan 2001-yilda boshlangan. Bu kuzatuvlardan maqsad Elektron hukumat taraqqiyoti indeksi (EHTI) yordamida BMTga a’zo mamlakatlarda elektron hukumat borasidagi rivojlanishlarni kuzatib borishdir.

Elektron hukumat taraqqiyoti indeksi — elektron hukumat nuqtai nazaridan tasniflash vositasidir. Indeks onlayn xizmatlar qamrovi va soni, telekommunikatsiyalar infratuzilmasi holati va inson salohiyati kabi uch asosga qurilgan.


Elektron fuqarolik

Estoniya 2014-yili, dunyoda birinchi bo‘lib, dunyoning istalgan mamlakati fuqarosiga Estoniya «elektron fuqarosi» bo‘lish imkonini beruvchi davlat dasturini ishga tushirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 75 ming nafardan ziyod xorijlik Estoniyaning elektron fuqarosi maqomiga ega bo‘lgan. Ammo estonlar balandroq cho‘qqilarni ko‘zlashyapti, 2025-yilda xorijlik elektron fuqarolar sonini 10 million nafarga yetkazishmoqchi. Marra judayam baland — Estoniya aholisi soni 1,3 milliondan sal ko‘proq, xolos.

Estoniyaning vaqt sinovidan o‘tgan bu tajribasidan yana bir Boltiqbo‘yi mamlakati unumli foydalanmoqchi: 2021-yilning fevral oyidan Litva elektron fuqarolik joriy etilgan dunyodagi ikkinchi mamlakatga aylanadi. 

Elektron fuqarolik nima beradi?

Avvalo, chet elda turib ham Estoniyada kompaniyalarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, bankda hisob raqami ochish, soliq va to‘lovlarni uzish, shartnomalarni (shu jumladan, xalqaro shartnomalarni) elektron imzo bilan tasdiqlash hamda Estoniyadagi boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish kabi imkoniyatlarni.

Masalan, xorijlik uchun Estoniyadagi davlat onlayn-servisida kompaniyani ro‘yxatga olish bir-ikki soatlik ish (eng yaxshi rekord — 18 daqiqa). Arizani to‘ldirish uchun foydalanuvchi o‘z fotosini va unga havola qilib yangi status uchun sabab-omillarni keltirsa bo‘ldi. Ushbu elektron ariza jo‘natilganidan so‘ng Estoniya huquq organlari tomonidan darrov tekshirilib, javobi beriladi. Hammasi joyida bo‘lsa, nomzod konsulxona vakili bilan uchrashuvga chaqiriladi (uchrashuv Estoniyaning istalgan mamlakat va shahardagi konsulxonasida o‘tkaziladi). Uchrashuv ko‘ngildagidek o‘tsa (odatda shunday), bir oydan so‘ng «elektron fuqaro»likka nomzod barcha tegishli hujjatlarga ega bo‘ladi.

Asosiy hujjat — odatiy imzo o‘rnini bosuvchi elektron chip o‘rnatilgan ID-karta.

Estoniyani «servis-mamlakat» deyishlari bejizga emas — hukumat va davlat organlarini raqamlashtirish bo‘yicha Boltiqbo‘yi mamlakati dunyoda birinchi! Nafaqat ajnabiy tadbirkorlar, balki oddiy fuqarolarni ham bu jalb etmay qolmaydi. Albatta, millionlab mehnat muhojirlari yo‘l olayotgan AQSh, Kanada, Avstraliya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya singari davlatlar bilan malakali mutaxassislar, ilmiy xodimlarni jalb etishda raqobatlashish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Ammo...

Estoniyaning hozirgi aholisi 1,3 million kishi. Iqlimi ham havas qilgulik emas, Alyaska bilan bitta kenglikda joylashgan. Yevropa ittifoqiga a’zoligi bois orzudagi hayotni qidirib G‘arbiy Yevropaga chiqib ketayotgan fuqarolari ham yetarli. Aholisi soni kamayishda davom etmoqda. Shu boisdan ham mamlakat hukumati bir necha yillar avval o‘z fuqarolariga gullab yashnagan bo‘lmasa-da, munosib turmush sharoitini yaratish haqida jiddiy bosh qotirishni boshladi. Qazilma boyliklarga yolchimagan, kamiga demografik inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan mitti davlat nimasi bilan jalb eta oladi? Va buning yo‘li topildi — «raqamlar».

Estoniya dunyodagi eng zo‘r raqamli infratuzilmani qura oldi

Mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng 25 yil o‘tib, Estoniya dunyodagi eng zo‘r raqamli infratuzilmani qura oldi. Imzolar — raqamli, soliq to‘layman desangiz, marhamat, internet bor. Bir-ikki daqiqa, bir-ikki megabayt — hafsala bo‘lsa bas. Saylovlar ham onlayn, hech qanaqa saylov qutilari, varaqalar, mashmashalarsiz. Maktablar saylov uchastkalariga aylantirilmaydi. Kompyuter yoki telefonning o‘zi ham yetadi. Albatta, shaxsan borib ovoz bersayam bo‘ladi, biroq tobora ko‘pchilik «raqamlar»ni tanlayapti.

Estoniya ilk elektron saylovlarni 2007-yilda o‘tkazganida saylovchilarning atigi 3,4 foizi onlayn ovoz bergandi. Hozirgi ko‘rsatkichni bu bilan solishtirishning o‘zi noo‘rin. Elektron ovoz berishda shaxsiy identifikatsiya smart-kartasi qo‘llaniladi. Shuningdek, raqamli imzo va kard-rider kerak.

Elektron ovoz berish interfeysi mayda harfli qog‘oz byulletenlardan ancha qulay. Foydalanuvchi kiritgan onlayn ma’lumotlar shifrlanib, ovoz berish servisiga yo‘llanadi. Shifrlar ovoz berish kuni, muayyan vaqtda ochiladi. Hech qanaqangi ko‘zbo‘yamachiliklar va fokuslarsiz — har bir ovozni alohida aniqlash mumkin.

Estoniyalik fuqarolarga ID-kartalar berilishi 2002-yildan boshlangan. Ularni har bir fuqaro olishi shart qilib qo‘yilgan. Bu karta banklardagi tranzaksiyalarni tasdiqlash va hujjatlarni raqamli imzolash uchun kerak edi. Shaxsni tasdiqlashning ushbu usuli 1999-yildan butun Yevroittifoqda standartga aylangan.

«Elektron fuqaro» kartasi va kart-rider

Bu tizimni joriy etish orqali Estoniya nafaqat o‘z hududida yashovchi fuqarolar, shuningdek, diasporalar vakillariga ham zarur resurslardan foydalanish imkoniyatini taqdim etdi. Bu modelning samaradorligini anglashi hamon hukumat tepasidagilarda «elektron fuqaro» g‘oyasi tug‘ildi.

Yettidan yetmishgacha

Mamlakatdagi barcha fuqarolarni raqamlashtirish jarayoniga jalb etish borasidagi Estoniya tajribasi tahsinga loyiq. Avvalo aholisining kompyuter savodxonligi tinmay oshirib borilyapti. Estoniyadagi barcha maktablarga internet 1990-yillarning oxirida kirib kelgan. Maktablarda dasturlash fanlari o‘tiladi. Milliy eKool tizimida maktab o‘quvchilarining barcha baholari, uy vazifalaridan tortib davomatigacha batafsil qayd etib boriladi. Ota-onalar ma’lumotlarni istagan paytlarida tekshirib ko‘rishlari mumkin.

Raqamlashtirish jarayonlaridan yoshi ulug‘lar ham chetda qolmayapti. 2009 yili amalga oshirish boshlangan pensiyadagilar uchun dastur keksalarning kompyuterni o‘rganishlari va sotib olishlarini davlat moddiy qo‘llab-quvvatlashiga asoslangan. Ikki yilda 40 ming kishi qamrab olindi — 1,3 million kishilik Estoniya uchun bu juda a’lo ko‘rsatkich.

Estoniya — o‘rta asrlarga eltuvchi me’morchilik namunalari bilan tanilgan. Ammo bu «ko‘hna g‘ilof» ichida o‘ta zamonaviy davlat va jamiyat gullab-yashnayapti.

«Servis-mamlakat» nima degani?

Global tarmoq — internet rivojlanishi bilan ko‘plar vatanida o‘tirib ham xorij kompaniyalarida ishlash, tadbirkorlar esa o‘z mahsulot va xizmatlarini xorijga tanitish va sotish imkoniyatiga ega bo‘la boshladi.

Xorijda qonuniy asosda tadbirkorlik qilish, shuning barobarida bu jarayonlar osonlashishi va xavfsizlik ta’minlanishini istovchilar soni tobora ko‘paya bordi. Kimlargadir shunchaki xalqaro maqomning o‘zi yetarli bo‘lsa, ayrimlarning yo‘lidagi to‘siq o‘z mamlakati qonunlari va hukumati edi.

Ana shunday bir pallada Estoniya barchaga o‘z biznesini ro‘yxatdan o‘tkazishga «boshpana» bo‘lishga qaror qildi. Sekin-asta mamlakat tadbirkorlar xalqaro biznes yuritadigan raqamli muhitga aylanib bordi.

«Elektron fuqaro» soliqni qayerda to‘laydi?

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti qoidalarida yozilishicha, «soliqlar ishlab chiqarish kuchlari joylashgan va asosiy daromad yaratilgan joyda to‘lanishi shart». Bu Estoniyada kompaniyasiga asos solgan va AQShda (yoki Fransiya, Singapur, boringki, O‘zbekistonda) yashovchi mustaqil tadbirkor soliqni o‘zi jismonan yashayotgan mamlakatga to‘lashi shartligini anglatadi.

Estoniyaga nima naf?

Qancha ko‘p odamlar va kompaniyalar «elektron fuqaro»ga aylansa va Estoniyada ro‘yxatdan o‘tsa, eston kompaniyalarining mijozlari soni shuncha ko‘payadi.

Misol uchun, xorijlik «elektron fuqaro» o‘z biznesini ro‘yxatdan o‘tkazarkan, katta ehtimol bilan unda eston kompaniyalari ko‘magiga ehtiyoj tug‘iladi — bankda hisob raqami ochish, pulli xizmat ko‘rsatuvchi provayder bilan shartnoma tuzish, buxgalterlar, yuristlar, auditorlar xizmatidan foydalanish. Qanchadan-qancha qo‘shimcha ishlar, daromadlar oshishi va albatta, «yo‘q joydan» davlat g‘aznasiga oqib keladigan soliqlar. Kichkina Estoniya uchun shuning o‘zi yetarli, mana nima uchun ular «elektron fuqarolar» sonini yaqin besh yilda 10 million nafarga yetkazishdan umidvor...

Chetdan yordam kerakmas, o‘zimiz quramiz

Estoniya o‘z elektron hukumatini hech qanaqangi chet mamlakatlar va mutaxassislar yordamisiz, turli xorijiy litsenziyalarga bir chaqa ham to‘lamasdan uddalayotgani tanganing ikkinchi tomoni. Qaytanga buning aksi — Yaponiya va AQSh misolida ham bunga to‘xtaldik.

Elektron hukumatni qurishga faqat va faqat eston kompaniyalari (masalan, «Nortal») jalb etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring