Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya kansleri BMT minbarida Rossiyaga talab qo‘ydi

Germaniya kansleri BMT minbarida Rossiyaga talab qo‘ydi

 Foto: dpa

Germaniya kansleri Olaf Shols 20 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida Ukraina bosqini sabab Rossiya prezidenti Vladimir Putinni keskin tanqid qildi.

«Ukraina va butun dunyoda davom etayotgan alamu iztiroblarning sababi aniq: Rossiya prezidenti o‘z imperialistik rejasini amalga oshirish uchun mustaqil qo‘shnisi – Ukrainani bosib olmoqchi... O‘n minglab askarlar, shuningdek, ukrainalik tinch aholi vakillari o‘ldirildi. Ukrainalik hisobsiz bolalar o‘g‘irlandi. Rossiya qo‘shini qatl, qiynoq, zo‘rlash kabi qilmishlarni sodir etdi. Ular shaharu qishloqlarni yer bilan yakson qildi», – degan O.Shols.

Siyosatchi BMT Bosh assambleyasining fevral sessiyasida qabul qilingan Ukrainada to‘laqonli, mustahkam tinchlik o‘rnatishga doir rezolyusiyani yodga olar ekan, Kremldan yana bir karra urushni to‘xtatishni talab qildi. 

«Unutmaylikki, ushbu urush uchun Rossiya javobgardir. Rossiya prezidenti istalgan paytda birgina buyruq bilan unga chek qo‘yishi mumkin. Buning uchun esa u biz – BMTga a’zo davlatlar, o‘z prinsiplarimizga sodiq ekanimizni tushunib yetishi kerak», – deb ta’kidlagan Germaniya yetakchisi.

Notiq Ukrainada shunchaki hudud uchun emas, balki qadriyatlar uchun ham kurash ketayotganiga e’tibor qaratgan.

«Erkinliksiz dunyo zulm, adolatsiz dunyo esa diktaturadir. Moskva buni allaqachon anglab yetishi kerak», – degan O.Shols.

Germaniya kansleri BMT Bosh assambleyasidagi o‘tgan yilgi ma’ruzasida ham Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralagan, Kremlni imperializm siyosati yuritishda ayblagan edi.

Siyosatchining ta’kidlashicha, tish-tirnog‘iga qadar qurollangan, yadro aslahasiga ega, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zo bo‘lgan mamlakat chegaralarni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga urinayotgan bir paytda mutaraqqiy dunyo qo‘l qovushtirib o‘tirishi yaramaydi. Shunga ko‘ra u xalqaro hamjamiyatni BMTning nizom va qadriyatlarini himoya qilishga da’vat etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring