G‘ijduvonlik ayol hokimlik binosida kaltaklandimi yoki «navbatdagi tomosha»?

Ijtimoiy tarmoqlarda «G‘ijduvonda xotin-qizlar bo‘yicha hokim o‘rinbosari fuqaroni kaltaklagani aytilmoqda» sarlavhasi ostida tarqalgan videotasvir muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Unga ko‘ra, ayol tuman hokimi o‘rinbosari tomonidan kaltaklanganini iddao qiladi va viloyat rahbariga murojaat sifatida mansabdor ayolning unga tikanzordan uy-joy qilib berayotganidan nolib, shikoyat qiladi.
«Xabar.uz» muxbiri mazkur holatni o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro U.R.ning turmush o‘rtog‘i vafot etgach, qaynona-kelin o‘rtasida kelishmovchilik chiqavergan. Qaynonasi uni yosh farzandi bilan boshqa turmushga uzatgan. Biroq, U.R. ikkinchi turmushi bilan ham kelisha olmay, har kun janjal ko‘taravergan. Shundan so‘ng ikkinchi turmush o‘rtog‘i U.R.ni marhum erining uyiga qaytarib yuborgan. O‘zaro kelishmovchilikda yashashda davom etgan kelinni qaynona yana boshqa turmushga uzatgan.
«G.R.ning uchinchi turmush o‘rtog‘i fuqaro H.J. bo‘lib, u uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tab kelgan shaxs. Ular birmuncha vaqt Uchquduqda yashab kelishgan. Biroq, H.J. avtohalokatga uchragan va oyog‘i qattiq jarohatlanib, qo‘ltiqtayoqda qolgan. O‘rtalarida 3 nafar farzandlari bor. Erining og‘ir ahvoldaligini inobatga olib, shaxsan o‘zim bosh-qosh bo‘lib, tuman markazidagi Ijtimoiy yotoqxonaga joylashtirdim. Holidan tez-tez xabar olib turilgan, moddiy ko‘maklar berilgan, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilgan. Voyaga yetmagan farzandlari borligini va ularning ertangi kunini o‘ylab, tuman markazidan biroz uzoqroqda joylashgan manzildan uy-joy tiklashi uchun bo‘sh yer maydoni ham ajratib berildi», - dedi tuman hokimi o‘rinbosari Istat Kamolova.
O‘rinbosarning aytishicha, U.R. o‘zlariga uy-joy uchun ajratilgan 2 sotixli bo‘sh yer maydonining tikanlar va begona o‘tlar bosganidan norozi bo‘lib, viloyat rahbariga tegishli telegram guruhi orqali turli vajlar bilan video-murojaatlar jo‘natib turgan.
«Shunday vaziyatda ham tuman hokimi bilan maslahatlashgan holda bu oilaga ko‘mak berishdan to‘xtamadik. H.J.ning akasi va yaqin qarindoshlari o‘rtasida bu oilaga hashar yo‘li bilan uy-joyini tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ham munosabatlar bildirdik. Yer maydoni bo‘sh bo‘lgach, tikan yoki begona o‘tlar o‘sadi-da. Qarindoshlarini ko‘mak berishga ko‘ndirdik. Shunday kunlarning birida uy-joy masalasida kelgan U.R.ning turmush o‘rtog‘i H.J. xizmat xonamga shikoyat bilan kirib, xotinini tergab qo‘yishimni iltimos qildi. Uning aytishicha, U.R. voyaga yetmagan bolalariga ham, eriga ham jismoniy tazyiq o‘tkazib kelgan», - deydi Kamolova.
Shundan so‘ng Istat Kamolova H.J. bilan xizmat xonasidan chiqqan va U.R. bilan yuzlashgan. U.R. o‘rinbosarni ko‘riboq: «O‘sha tikanzorga o‘zingiz borib yashaysizmi? Menga ko‘p qavatli tayyor uylardan bering!» - deya hokimlik xodimini qarg‘ashni boshlagan. Va bir qo‘li bilan o‘rinbosarning biqiniga turtib yuborgan. Shunda o‘rinbosar U.R.ni tartibga chaqirish maqsadida, unga nega o‘zinei turtgani, qolaversa, eri va bolalariga jismoniy zo‘rlik ishlatib kelgani uchun ham javobgar bo‘lishi mumkinligini aytadi. Bu asnoda «hozir o‘zingni ham bir shapaloq ursam, joning og‘riydimi?!» deydi.
«Shu topda U.R. tuman hokimligi hovlisiga yugurib chiqdi-da, har doimgiday telefonini video tasvirga qo‘yib, viloyat rahbariga murojaat jo‘natdi. Asabiylashgan paytda nima dedim, nima qo‘ydim, bilmayman. «Nimaga urasiz mani?», deganida, «uraman kerak bo‘lsa!» deganman. Aslida, barmog‘imning uchini ham tekkizganim yo‘q. Bu yerda unga tegishli uy-joy masalasi bo‘yicha ishlarni hal qilayotganimiz bir pallada yana viloyat rahbariga yugurgilashi asablarni taranglashtirgandi. Buni atrofdagilar ham kuzatib turishgandi», - so‘zida davom etadi Istat Kamolova.
Ma’lum bo‘lishicha, U.R.ning maqsadi tayyor ko‘p qavatli uylardan o‘ziga boshpana olishga erishish bo‘lgan. U.R. jurnalist bilan telefon orqali muloqotda ham buni ochiq bayon etgan. Jurnalistdan tayyor uylardan xonadon olib berishga ko‘maklashishlarini so‘ragan.
- Bu tegishli idora-tashkilotlarning o‘zaro muhokamasida yechiladigan masala. Davlat tomonidan uy-joy ajratish jarayonlari aniq tartib va navbat asosida amalga oshiriladi. Bizni o‘ylantirayotgan savol: ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgandek mansabdor ayol huquqlaringizga qarshi sizni kaltakladimi? - so‘raydi jurnalist.
- ...
- Mansabdor ayol sizni urib, kaltakladimi?!
- ...
- Allo!
- E, opa, aytsam, uyim bitmaydi. Keyin qayoqqa boraman?Uy-joyimning qurilishi cho‘zilyapti...Uy-joy masalasi bitavermagach, viloyat hokimiga murojaat bilan chiqdim. Ertasi kuni tuman hokimligiga chaqirishdi. Uy-joy uchuncho‘l hududdan yer maydoni berishgandi. Tuman markaziga uzoqroq. Shunda xo‘jayinim mendan oldin o‘rinbosar qabuliga kirib, «Bolalarni ayovsiz kaltaklaydi, uradi», deb meni yomonlagan. Shundan so‘ng o‘rinbosar jahl ustida yonimga kelib, nega yuqoriga chiqqanimni peshladi.
- Aslida, u urmagan, shundaymi?
- Qo‘lining orqasi bilan yuzimdan urdi. Ammo, isbotlay olmayman. O‘sha paytning o‘zida Botir Zaripovga video qilib jo‘natayotgandim, opa esa:«Yuborsang, ko‘rasan!»- deya po‘pisa qildi.
- Nega xo‘jayiningiz sizdan norozilik bildirgan?
Suhbatga H.J. aralashdi.
- Yosh bolalarga qarash xotinimga ancha qiyinchilik tug‘dirdimi, bilmadim. O‘rinbosarga men qamalib chiqqanman, o‘zingiz bir nasihat qiling, gapirib qo‘ying, dedim. Unga men iltimos qilib chiqqanim uchun xotinimga qattiq gapirgan, o‘z farzandlarini siltab, urmasligi uchun, - dedi H.J. va so‘zining oxirida.
Tuman hokimligi tomonidan avtohalokatga uchragan H.J.ning sog‘ligi tiklanguniga qadar berilgan ijtimoiy yotoqxonada yashab kelayotgan ayollar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular aslida, U.R. qo‘shni bo‘lib kelgach, «dom»ning tinchligi yo‘qolganini bildirdi.
«2021 yildan buyonshu yerda yashaymiz. Bu ayolni esa bizga yaqinda qo‘shni qilib, keltirib qo‘yishdi. Ayolning homiladorligi uchun unga qarashib yurdik.Oradan ko‘p o‘tmay, uylariga ichkilikbozlik, begona erkaklarning qatnovi boshlandi. Eri bo‘la turib, begona erkaklarni yaqin qarindoshlarim, deb o‘z uyiga olib kela boshladi. Kunlarning birida u singlisi hamda uning turmush o‘rtog‘i, deya bir yosh yigitni ham olib kelib, biz bilan tanishitirdi. Qarangki, yigit hali maktabni bitirmagan o‘quvchi ekan. Buni qachonki, o‘smir yigitning ota-onasi ichki ishlar organlari orqali qidirib topgandan keyin bildik. Uyini fohishaxonaga aylantirib, singlisini begona erkaklar bilan ishqiy munosabatga kirishib yurishiga sharoit yaratib kelgan», - deydi 64 yoshli Fotima Sattorova.
Suhbatga ko‘ra, U.R. nosog‘lom muhitdagi oilada ulg‘aygan.
O‘zini tanishtirishni istamagan yana bir mahalla faoli biz bilan bog‘landi.
«Bugungi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, turmush o‘rtog‘idan ajrashgan yoki farzandlari bilan yolg‘iz qolgan ayollarning davlat yordamiga muhtojligi haqiqat. Ammo, afsuski, ba’zi hollarda ayrim ayollar hokimlik yoki mahalliy organ vakillarini, o‘rni kelganda, jurnalist va blogerlarni shantaj qilish yo‘li bilan uy-joy masalasini hal etishga urinmoqda. Gohida o‘zini zo‘ravonlik qurboni sifatida ko‘rsatib, amaldorlarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlar, ijtimoiy tarmoqlardagi fosh etuvchi ma’lumotlar yoki asossiz da’volar bilan tahdid qilgan holda uy-joy talab qiladi. Bunday holatlar esa huquq-tartibot organlarining aralashuvi bilan jilovlanishi kerak», - deydi u.
Uzun hikoyaning qisqa xulosasi shuki, mansabdor ayol tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayolning kaltaklangani haqiqatmi yoxud bir ayolning navbatdagi tomoshasimi bu – endi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan izchil o‘rganiladi hamda qonun ustivorligi ta’minlanadi, deb o‘ylaymiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter