Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Alomat ish» qilgan IIB JQB xodimlari qamaldi

«Alomat ish» qilgan IIB JQB xodimlari qamaldi

Foto: «Xabar.uz»

Namanganda tuman ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘linmasining ikki nafar tezkor vakiliga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ular  yolg‘on guvohlik berish va dalillarni soxtalashtirish jinoyatlarini sodir etishda aybdor, deb topilgan. Ushbu ma’lumotni «Xabar.uz»ning viloyat prokuraturasidagi manbasi ham tasdiqladi.

Voqelikka ko‘ra, salkam ikki million so‘mlik velosipedini o‘g‘rilatib qo‘ygan fuqaro R.N. tuman IIBga murojaat qiladi. Uning murojaati tegishli tartibda ro‘yxatga olinadi, surishtiruv o‘tkazilib, natijada Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan «ish» qo‘zg‘atiladi.

Endi asosiy ish – o‘g‘rini topishda qoladi. Bu vazifa, turgan gapki, tuman IIBning Jinoyat qidiruv bo‘limi (JQB) tezkor vakillari gardaniga tushadi.

JQBning ikki tezkor vakili – X.A.  va J.D. jinoyatni fosh etishning shunaqa alomat yo‘lini topishadiki, oqibatda jabrlanuvchining o‘zi sudning qora kursisiga o‘tirayozadi, deng?!

Qanday qilib?

JQB tezkor xodimlari bir-ikki kun o‘g‘rini qidirgan bo‘ladi. Qarashsaki, ish «o‘xshamayapti». Nima qilmoq kerak? Ikkovlon shartta do‘konga borib, yap-yangi velosiped sotib olishadi. Biroq sotib olingan velosiped o‘g‘rilanganga o‘xshaymaydi: uning ramasi ayollarga moslangan ekan.

Tezkor xodimlar buniyam «yo‘lini topishadi» – ustaxonaga borib,  rama-yu rulini boshqatdan payvandlatishadi. Shu tariqa o‘zlari sotib olgan velosiped o‘g‘rilanganiga o‘xshagach, uni voqea sodir bo‘lgan hududga olib borib, jabrlanuvchini chaqirishadi: «mana, o‘g‘rilatgan matohingiz, biz uni topdik!». Jabrlanuvchi JQB xodimlari «topgan» velosipedni o‘zinikiga o‘xshatmaydi. E’tirozga lab juftlagan ediki, tezkor xodimlar gap bilan og‘ziga uradi: «o‘g‘rilatgan molingizni topdik, ha endi, o‘g‘ri u yoq-bu yog‘ini o‘zgartirgandir-da, noz qilmay olaversangiz-chi?!».

Jabrlanuvchi ikkilana-ikkilana velosipedni olarkan, JQB xodimlari uni yana bir ish qilishga ko‘ndirishadi: «Keling, bu yog‘iga ortiqcha yozuv-chizuv qilib o‘tirmaylik, IIBga qo‘ng‘iroq qilib, velosipedim topildi, uni mast holda o‘zim falon joyda qoldirgan ekanman, iltimos, avvalgi murojaatimni oqibatsiz qoldiring, desangiz, olam guliston».

Jabrlanuvchi ularning aytganini qildi. Biroq olam guliston emas, olam zimiston bo‘ldi uning uchun.

Nega?

Gap shundaki, jabrlanuvchi «murojaatimni oqibatsiz qoldiring» mazmunidagi murojaatidan so‘ng shartta o‘ziga nisbatan «ish» ochiladi: yolg‘on xabar berish – JKning 237-moddasi bilan.

Keyin taka-tuka tergov harakatlari boshlanib, ayblov xulosa tuziladi va «delo» sudga oshiriladi.

Shu tariqa jabrlanuvchi sudlanuvchiga aylanadi.

Qachonki jinoiy jazo xavf sola boshlagandangina jabrlanuvchi o‘ziga keldi: sudda hammasini ochiq-oshkora aytadiki, natijada «delo» chok-chokidan so‘kilib, JQB xodimlarining xatti-harakatiga huquqiy baho berish masalasi kun tartibiga chiqadi.

...Voqealarning keyingi rivojini ilg‘ayotgan bo‘lsangiz kerak: huquqiy baho JQB xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi esa sudga oshirilishiga olib keladi.

Sud esa, yuqorida aytilganidek, ularni yolg‘on guvohlik berish va dalillarni soxtalashtirishda aybdor deb topib, ikkalasiga bir xil jazo – besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi va ular sud zalidan qamoqqa olindi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring