Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Insoniyat uchun sharmandalik» – G‘azodagi shifoxona bombalanishi oqibatida yuzlab begunoh odam halok bo‘ldi

«Insoniyat uchun sharmandalik» – G‘azodagi shifoxona bombalanishi oqibatida yuzlab begunoh odam halok bo‘ldi

Halok bo‘lganlar orasida yuzlab bola bor.

Foto: AP

18 oktyabrga o‘tar kechasi G‘azo sektoridagi «Al-Ahliy« baptistlar shifoxonasiga Isroil tomonidan berilgan raketa zarbasi oqibatida 800 nafardan ziyod begunoh odam halok bo‘ldi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi halok bo‘lganlarning barchasi tinch aholi vakillari bo‘lganini ma’lum qilgan.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos qirg‘inga norozilik belgisi sifatida Isroilning yaqin ittifoqchisi va ko‘makchisi bo‘lgan AQSh rahbari Jo Bayden bilan uchrashishdan bosh tortgan. M.Abbos shifoxonaga hujumni «dahshatli harbiy qirg‘in» deb atagan. «Isroil barcha qizil chegaralarni buzib ulgurdi!» – degan Falastin prezidenti.

Iordaniya qiroli Abdulloh II ham prezident Bayden bilan uchrashuvni bekor qilgan. Iordaniya rahbariyati G‘azodagi xunrezliklar to‘xtatilmas ekan, bu kabi ko‘rishuvlardan naf yo‘qligini bildirgan. Abdulloh II «Al-Ahliy»ga bomba tashlanishini «insoniyat uchun sharmandalik» deb baholagan.

Dunyo hamjamiyati ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ushbu xunrezlikni qattiq qoralamoqda.

G‘azodagi shifoxonada yuzlab odam o‘ldirilganidan «dahshatga tushgani»ni ta’kidlagan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Tyurk fojia ko‘lamini ifodalashga so‘z ojiz ekanini qayd etgan.

«Tunda G‘azodagi shifoxonaga kuchli zarba berilgani oqibatida yuzlab odam dahshatli tarzda o‘lim topdi. Ular orasida bemorlar, tibbiy xodimlar, shifoxonada jon saqlayotgan oilalar bor edi. Bu gal ham eng himoyasizlar qurbon bo‘ldi. Buni aslo qabul qilib bo‘lmaydi», – degan oliy komissar.

Isroilning harbiy amaliyotiga qarshi Livanda o‘tgan namoyish. Foto: AFP

Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra shifoxonalar daxlsiz ekanini eslatgan.

«Shifoxonalar o‘lim va kulfat maskani emas, balki insonlar hayoti saqlab qolinadigan boshpana bo‘lmog‘i kerak. Shifo maskanida yotgan bemorlar o‘ldirilishini oqlab bo‘lmaydi. Boshqalar hayotini saqlab qoluvchi shifokorlarni o‘ldirish mumkin emas», – deyiladi xalqaro qo‘mita bayonotida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus tinch aholi vakillari va tibbiy xodimlarni qat’iy ravishda himoya qilishni talab qilgan. Tashkilotga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon Isroil armiyasi G‘azodagi tibbiy muassasalarga 41 marta hujum uyushtirgan. 11 nafar tibbiy xodim halok bo‘lgan, 16 nafari jarohatlangan. Ushbu raqamlar so‘ng fojiadan keyin keskin oshishi aytilmoqda.

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel G‘azodagi fojiani xalqaro huquqning buzilishi deb atadi. 

«G‘azodagi shifoxonaga hujum uyushtirganlar javobgarlikka tortilishi shart», – deb bayonot berdi Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel.

Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt Isroilning shifoxonaga hujumini qoralab, bu jinoyat jazosiz qolmasligi lozimligini urg‘uladi.

«Himoyasiz odamlar jon saqlayotgan shifoxonani faqat ruhiy nosog‘lom kimsagina bombalashi mumkin. G‘arb ushbu fojiani zudlik bilan to‘xtatmog‘i lozim!» – deb talab qilgan ADL bosh kotibi.

Isroilni G‘azoda qirg‘inni to‘xtatishga chaqirib kelayotgan  Turkiya ham «Al-Ahliy»ga hujumni keskin qoralagan.

«Ayollar, bolalar va begunoh fuqarolar joylashgan shifoxonaga zarba berish Isroilning eng asosiy insoniy qadriyatlardan mahrum bo‘lgan hujumlarining so‘nggi namunasidir. Men butun insoniyatni G‘azodagi misli ko‘rilmagan vahshiylikni to‘xtatish uchun harakat qilishga chaqiraman», – deb bayonot bergan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

Jahon matbuotida shifoxonadagi xunrezlik mavzusida karikaturalar ham chop etildi. Muallif: Mohammad Sabaaneh

Qatar davlati shifoxonaga hujumni «tinch aholiga qarshi misli ko‘rilmagan jinoyat» deb baholagan. Rasmiy Dohaga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlardan ko‘z yumar ekan, ularning ishtirokchisiga aylanmoqda. Bayonotda xalqaro hamjamiyat mas’uliyatni his qilgan holda, Isroilni tinch aholiga qarshi navbatdagi jinoyatlardan to‘xtatishi kerakligi ta’kidlangan.

Misr, BAA, Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq, Jazoir kabi mintaqa davlatlari ham Isroilning shifoxonaga hujumini keskin qoralagan.

Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya kabi Yevropa davlatlari Isroilni ayblamagan holda, tinch aholi vakillariga hujum qilinganini tanqid qilgan.

«Al-Ahliy» shifoxonasidagi fojia ortidan dunyo mamlakatlarida Isroilning okkupatsiya siyosati va tinch aholiga qarshi harbiy harakatlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring