Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil urush boshlanganini e’lon qildi

Isroil urush boshlanganini e’lon qildi

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant «Hamas» guruhi Isroilga kutilmagan hujum uyushtirib, «jiddiy xato»ga yo‘l qo‘yganini aytdi, deb yozadi The Times of Israel.

«Bugun ertalab «Hamas» jiddiy xatoga yo‘l qo‘yib, Isroil davlatiga qarshi urush boshladi. Askarlarimiz barcha nuqtalarda dushmanga qarshi kurashmoqda», dedi Galant jurnalistlarga.

«Isroil davlati bu urushda g‘alaba qozonadi», deya qo‘shimcha qildi u.

Isroil armiyasi «Temir qilichlar» aksilterror operatsiyasini boshlaganini ma’lum qildi. «Hamas» avvalroq Isroilga qarshi «Al-Aqso bo‘roni» harbiy operatsiyasini e’lon qilgan, uning doirasida, Falastin harakati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab kamida 5 mingta raketa va snaryadlar uchirilgan.

Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, ertalab soat 6:30 dan Isroilga 2,2 mingdan ortiq raketa uchirilgan. U G‘azo sektoridagi pozitsiyalarga javob qaytara boshladi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Tel-Avivdagi Mudofaa vazirligi qarorgohiga xavfsizlik bloki qo‘mondonligi bilan uchrashuv o‘tkazdi. «Isroil fuqarolari, biz urushdamiz» dedi bosh vazir.

Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Hamas» a’zolari chegara hududlaridan o‘tib, mamlakatga kirib kelgan. Isroil janubidagi Sderot shahridagi to‘qnashuvlar paytida politsiya bo‘limi ustidan nazoratni yo‘qotdi, deb yozadi Al Jazeera. Hamas besh isroillik askarni asirga olganini da’vo qilmoqda.

Isroildagi Falastin harakatining hujumi natijasida kamida besh kishi halok bo‘ldi, yuzdan ortiq kishi jarohatlangan.

Isroil qurolli kuchlari endilikda G‘azo Sektoridagi bir qator ob’yektlarga aviatsiya zarbalarini bermoqda. 

Xalqaro hamjamiyat barcha tomonlarni vazminlikka chaqirishmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring