Nobel jamg‘armasi pul mukofoti miqdorini oshirdi
Mukofot ta’sis etilganligining 125 yilligi munosabati bilan Nobel jamg‘armasi 2026-yilda har bir yo‘nalish bo‘yicha pul mukofotini 1 million shved kronasiga (taxminan 101 ming dollar) oshirdi.
Endilikda ushbu mablag‘ 12 million kronani (taxminan 1,2 million dollar) tashkil etadi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
«Mukofot pulini ko‘paytirish orqali biz Nobel mukofotining nufuzini uzoq muddatga saqlab qolishni hamda vaqt o‘tishi bilan uning moliyaviy qiymati qadrsizlanib ketmasligini ta’minlashni maqsad qilganmiz», — dedi Nobel jamg‘armasi ijroiya direktori Hanna Styerne.
Ilk Nobel mukofotlari topshirilgan 1901-yilda har bir yo‘nalish uchun 150 782 kronadan berilgan.
Jamg‘arma o‘z moliyaviy holatini barqarorlashtirish dasturi doirasida 2012-yilda pul to‘lovlarini 10 milliondan 8 million kronagacha kamaytirgan edi, biroq keyinchalik ushbu mablag‘ bir necha bor qayta oshirildi.
Taqqoslash uchun: 2025-yilda Nobel mukofotining to‘liq miqdori 11 million shved kronasiga (taxminan 1,17 million dollar) teng edi.
2026-yilgi yangi laureatlarning nomlari shu yilning 5–12-oktyabr kunlari e’lon qilinadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter