Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori: xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli etib belgilandi

Prezident qarori: xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli etib belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni «O‘zA»da e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, xalq tabobati faoliyatini tartibga solish, to‘plangan tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobatining usullari va yutuqlaridan samarali va xavfsiz foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:

- xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etiladi; 

- xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun belgilangan tartibda (tibbiy ta’lim ma’lumoti mavjudligi talabi bundan mustasno) amalga oshiriladi; 

- xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar o‘z faoliyatining natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgar hisoblanadilar; 

- tibbiy xizmat ko‘rsatishga nisbatan qo‘yilgan talablar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan shaxslarga ham tatbiq etiladi;

- O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qo‘llagan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan talablarni, shuningdek, xizmat ko‘rsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ hisoblanadi. 

Xalq tabobatini rivojlantirish maqsadida xalq tabobati sohasidagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy baza shakllantiriladi hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomi va ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarlik belgilanadi.

Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, ko‘rsatadigan xizmat turlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona ma’lumotlar bazasini shakllantiriladi.

Xalq tabobati sohasida yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog‘lomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosida xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yaratiladi. 

Shuningdek, qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishning ustuvor chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanadi. 

Respublika tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi”, “Tibbiyot-pedagogika ishi” bakalavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv sikli joriy etiladi. 

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kursi tashkil qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring