Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuratura «zo‘ravon IIB xodimiga oid» holatga izoh berdi. Biroq savollar ko‘p...

Prokuratura «zo‘ravon IIB xodimiga oid» holatga izoh berdi. Biroq savollar ko‘p...

Foto:«Daryo.uz»

Andijonda ichki ishlar xodimi tomonidan fuqaro kaltaklanganiga oid xabar va lavhalar tarqalganidan xabaringiz bor. Ayni voqelik prokuratura tomonidan o‘rganilayotgani xabarini ham bergandik.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz»ga holat yuzasidan atroflicha axborot taqdim etar ekan, tarqalgan xabarlarning ayrim nuqtalariga  e’tirozi borligini alohida qayd etdi.

Avval voqelikni yana bir bor eslasak.

Ichki ishlar xodimi tomonidan kaltaklangani aytilgan Jasur Hamroqulovga ko‘ra,  2019-yilning 11-sentyabr kuni Andijon shahridagi kafelarning birida tanishining tug‘ilgan kunini nishonlashgan. Ketar payti kafedagi mijozlardan biri (ayol kishi) bilan o‘rtasida nizo (janjal) chiqadi. Mijoz (ayol) ham, u ham o‘sha paytda spirtli ichimlik ta’sirida (ta’sir darajasi yuqori bo‘lmaganining ehtimoli katta) bo‘lgani inkor etilmaydi.  O‘zaro kelishmovchilik natijasida J. Hamroqulov mijozning (ayol) yuziga tarsaki tortib yuboradi. Biroq ko‘p o‘tmay tomonlar kelishib olgani aytiladi. Biroq bu bilan hammasi joy-joyiga tushmaydi.  Negaki,  bu paytda ichki ishlar xodimlari kafega yetib kelgan,  endi J. Hamroqulov ular bilan «tortishib»  ketadi. «Tortishuv»ga IIB xodimlarining qo‘pol muomalasi sabab bo‘lganiga avvalgi xabarlarda alohida urg‘u berilganidan xabardorsiz.

Voqelarning keyingi rivoji shuki, «Damas»ga bosib, Andijon shahar IIO FMB 6-son IIB bo‘linmasiga olib borilgan J. Hamroqulovni  o‘sha joyda profilaktika inspektori  S.Abdumannapov tomonidan kaltaklanadi. Ayni jarayon kuzatuv kamerasiga muhlangan, hozirga kelib, tasvirlardagi ayanchli manzaralarga keng jamoatchilik guvoh bo‘lib ulgurdi.

Bosh prokuratura axborotida kuzatuv kamerasiga muhrlangan manzaralar inkor etilmaydi, aksincha,  dalil sifatida jinoyat ishi materiallariga qo‘shilgani aytiladi. Jinoyat ishiki, J. Hamraqulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 1-qismi («xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish») bilan qo‘zg‘atilgan?!

Axborotda jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga «...2019-yil 11-sentyabr kuni soat taxminan 22-00 larda Andijon shahar IIO FMB 6-sonli IIB bo‘linmasi profilaktika inspektori S.Abdumannapov tungi xizmatni olib borayotgan vaqtida unga telefon orqali «Kamelot» kafesida shovqin-suron bo‘layotgani haqida (kafening) yuqori qavatida yashovchi fuqarolardan xabar kelgani, shu  asosida u yerga yetib borganida fuqaro J. Hamroqulov mast holda fuqaro O.B. bilan janjallashib, uning yuziga bir musht urganligi sababli, ularni tinchlantirish uchun kafe binosidan tashqariga olib chiqib, ushbu yer jamoat joyi ekanligini, fuqarolarning tinchligini buzmasligi kerakligini  tushuntirganida (J.Hamroqulov) unga bo‘ysunmay, qonuniy talablarini bajarishdan bo‘yin tovlab, faol qarshilik ko‘rsatishidan tashqari xodimning egnida bo‘lgan xizmat kiyimiga osilib, pogonini yulib olgani asos bo‘lgani» aytiladi. Shuningdek, sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida IIB xodimining burun, bo‘yin, o‘ng qo‘l kaftiga va chap qo‘l yelkasiga tan jarohati yetkazilgani ham qayd etiladi.

Bosh prokuratura e’tirozi shundaki, tarqalgan xabarlarda 2019-yilning 11-sentyabr kuni sodir bo‘lgan voqelik yuzasidan 2020-yil fervraliga kelibgina jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida tasavvur paydo bo‘ladi. Vaholanki,  «ish» ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, 2019-yilning 10-oktyabr kuni qo‘zg‘atilgan. Shu yilning 9-yanvariga kelib esa  J.Hamroqulovga nisbatan ayb e’lon qilingan.  Va tergov harakatlari allaqchon tugab, salkam bir oy avval, ya’ni 11-yanvardayoq «delo»  mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudiga yuborilgan. Bu bilan deyilmoqchiki, prokuratura jinoyat ishi «bosib» o‘tirilgani yo‘q, barcha protsessual normalarga rioya qilingan holda tergov harakatlari olib borilib,  sudga oshirilgan.

Albatta, jinoyat ishidagi har bir holat sud tergovi davomida yana bir karra aniqlanib,  huquqiy baho beriladi. Biroq holat yuzasidan jinoyat ishi fuqaroga nisbatan ochilib, ichki ishlar xodimi «oppoq» bo‘lib qolgani baribir shubha o‘yg‘otmasdan qolmaydi. Ma’lumotlarga qaraganda, J.Xamroqulovga nisbatan ham o‘z vaqtida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlagan. Ekspert xulosasiga ko‘ra,  u «...yopiq bosh miya shikasti, bosh miya chayqalishi, burun suyagini yopiq siljib sinishi, bosh, yuz va ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi, peshona soxa o‘rtada qontalash, burun kanshari o‘ng va chapda shilinma, pastki lab ichki shilliq qavatiga qon quyilishda ifodalangan tan jarohatlari olgani" aniqlangan.  Mazkur tan jarohatlari sog‘liqning buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohatlari turkumiga kirar ekan. Eng qizig‘i, shu-uncha jarohatlarni u «... mast holatda yerga yiqilishi orqali olganligi»  aytiladi! Bunday vajlar kurak tugul, tuvakda turmaydi, rosti.  Kuzatuv kamerasidagi tasvirlarda J. Hamroqulov «mast holda yiqib tushmagani», aksincha, IIB xodimi kuchi bilan yiqitib kaltaklagani, yigitni uning changalidan to‘rt-besh chog‘li odamlar arang qutqarib olgani yaqqol ko‘rinmayaptimi?

Mahkama matbuot xizmati rahbariga ko‘ra, ayni savolga suddan keyin javob  berish mumkin. Tasvirlar jinoyat ishiga dalil sifatida qo‘shilgan. Agar sud ushbu dalilga huquqiy baho berib, jinoyat ishining Andijon shahar IIB xodimi S.Abdumannapovga tegishli qismini tugatish haqidagi tergovchi qarorini asossiz deb topib, ish materiallarini prokuraturaga qaytarsa, tegishli tergov harakatlari olib borilishida muammo yo‘q.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring