Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qisqa metrajli filmlar festivalining Gran-Pri sohiblariga Prezident sovrini topshirildi

Qisqa metrajli filmlar festivalining Gran-Pri sohiblariga Prezident sovrini topshirildi

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi axborot xizmati

25-sentyabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da “Yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan qisqa metrajli filmlar va videoroliklar”, “Izhor” milliy ruhdagi she’r va hikoyalar, “Yosh qo‘shiq ijrochilari” Respublika tanlovlari g‘oliblarini tantanali taqdirlash hamda “Yoshlar kutubxonasi” loyihasining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yoshlar ittifoqi axborot xizmati xabar qildi.

Tanlovga 35 yoshgacha bo‘lgan ijodkorlarning 400 ga yaqin she’r va hikoyalari taqdim etildi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 10 nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi va munosib taqdirlandi. 

Nazm yo‘nalishida 1-o‘ringa Termiz Davlat universiteti talabasi​ Odinayeva Nargiza, 2-o‘ringa Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on Sanoat va transport kasb-hunar kolleji talabasi Husniddinova Gulshoda, “Xalq irodasi” gazetasi muxbiri​ Habibullayeva Mohira​, 3-o‘rin​ga erkin ijodkor​ Ravshan Husan​ hamda Nukus shahri 20-sonli umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi​ Abdugaliyeva Ulbo‘sin​ munosib deb topildi. 

Nasr yo‘nalishida 1-o‘rin Alisher Navoiy Nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xodimi​ Jovliyev Jovlonga​, 2-o‘rin​ Qo‘ldoshev Bayram Aliga, 3-o‘rin​ Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 9-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi​ Mamarasulova Gulnoza​, Farg‘ona politexnika instituti talabasi​ To‘lanov Asliddin​ va Navoiy Davlat Pedagogika instituti talabasi​ Obidova Nilufarga nasib etdi. 

“Yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan qisqa metrajli filmlar va videoroliklar” tanlovida esa 30 yoshgacha bo‘lgan 130dan ortiq professional va havaskor yoshlar taqdim etgan ijtimoiy rolik, qisqa metrajli film va adabiy-badiiy ssenariylar ko‘rib chiqildi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 8 nafar professional va havaskor ijodkorlar g‘olib deb topildi. Qisqa metrajli filmlar (professional) yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni Shokir Xoliqovning “Choy” filmi, 2-o‘rinni Mars O‘rinbosarovning “Saboq” filmi, 3-o‘rinni Ravshan Nurmuhammedovning “Ustoz” filmi qo‘lga kiritdi.

Professional ijtimoiy roliklar bo‘yicha Ravshan Nurmuhammedovning “Yosh tadbirkor” roligi, havaskor ijtimoiy roliklar bo‘yicha Nurmuhammed Jumag‘ulovning “Kelajak egasining iltimosi” roligi g‘olib bo‘ldi.

Ssenariylar (professional) yo‘nalishida esa Muhammadxon Yusupovning “O‘zbekoy” nomli ssenariysi 1-o‘ringa, Otabek Yo‘ldoshevning “Kichkina” nomli ssenariysi 2-o‘ringa, Azizbek Qurbonovning “Muallim” nomli ssenariysi 3-o‘ringa munosib ko‘rildi. Mazkur tanlov endi har yili o‘tkazilib, yosh iste’dod sohiblari ijodini qo‘llab-quvvatlash bilan birga ularning loyihalari asosida yaratilgan filmlarni mahalliy va nufuzli xalqaro kinofestivallarga tavsiya qilib boradi.

Tanlab olingan eng yaxshi ssenariylar asosida qisqa metrajli film va ijtimoiy ahamiyatga ega roliklarni tasvirga olish xarajatlari “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan moliyalashtirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yoshlar kutubxonasi” loyihasi taqdimoti namoyish etildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan loyiha uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha doirasida har bir kitob kamida 10 ming nusxada chop etilib, respublikadagi barcha maktab, kollej, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatilishi belgilangan. 2018-2019 yillarda chop etiladigan 200 nomdagi kitob ro‘yxati O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tavsiyasi asosida shakllantirildi.

Ayni damda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi 27 nomdagi adabiyotlarni nashr ettirgan. 10 nomdagi jahon va o‘zbek adabiyotidagi nodir asarlar nashrga tayyorlangan. 2018 yil oxiriga qadar har bir ta’lim muassasa kutubxonasiga 100 nomdagi badiiy kitoblar yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Tadbir davomida “Yosh qo‘shiq ijrochilari” festivali g‘oliblari ham taqdirlandilar. Mazkur festival 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida mumtoz, Estrada, akademik (opera), baxshichilik yo‘nalishlarida o‘tkazildi.

Tanlovning mahalliy saralash bosqichlari 250 ming nafar yoshlarni qamrab oldi. “Yosh qo‘shiq ijrochilari” festivalining Gran-Pri sohibi Kamila Amirovaga Prezident sovrini, ya’ni 5 mln so‘m miqdordagi pul mukofoti topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring