Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shxotinlikda ayblangan fuqaroning bir yil muddatga ozodligi cheklandi

Qo‘shxotinlikda ayblangan fuqaroning bir yil muddatga ozodligi cheklandi

Foto: Xabar.uz

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro Xalil Samarov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) qo‘shxotinlikda ayblanib, sudlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari  bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi sudyasi ma’lum qildi.

57 yoshli g‘ijduvonlik fuqaro Xalil Samarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasi (Ko‘p xotinli bo‘lish) bilan ayblangan.

Holatga ko‘ra, u 2016 yilning noyabr oyidan 2019 yilning iyul oyiga qadar qonuniy nikohdan o‘tgan turmush o‘rtog‘i Dildora Yigitova bilan yashab kelgan. Oilada 1992 yilda tug‘ilgan Gulsara hamda 1994 yilda tug‘ilgan Mohira ismli qizlari bor.

Biroq, Xalil Samarov nikohida xotini bo‘la turib, undan qonuniy ajrashmagan holatda 2016 yilda Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi Maftuna Samandarova bilan ham shu xonadonda shar’iy nikohda yashab kelgan.

Nikohidagi xotinining «sog‘ligi yo‘q, ruhiy xasta»ligi, shuningdek, o‘g‘il farzand tug‘ib bera olmasligi vaji bilan unga doimiy bosim va kamsitishlar ishlatib kelgan. Bir tom ostidagi hovlidan ko‘rimsiz va xarob holdagi uy-joyni xotini va ikki nafar qiziga ajratgan. 2018 yilda esa nikohsiz xotini Maftuna Samandarova o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgach, qonuniy xotini va qizlari bilan doimiy janjal va kelishmovchiliklar yuzaga kela boshlagan.

— Erimning qonuniy xotini ruhiy xasta, tez-tez tutqanog‘i tutib turishi bor gap. Kundoshim bir necha marta davolangan ham. Dori-darmon bilan ta’minlab kelganmiz. Uy-ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zim qilib kelganman. Men va kundoshim o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik bo‘lmagan,-deya sudga ko‘rsatma bergan Mafuna Samandarova, — ular o‘rtasidagi kelishmovchilik men sabab yuzaga kelmagan.

Xalil Samarov sudda aybiga iqror bo‘lgan. Qilmishidan pushaymonligini bildirib, qonuniy yengillik so‘ragan. U yashash hovlisining o‘rtasidan devor tiklab, uyni ikkiga ajratgan. Bir necha yil sarson-sargardonlikda yashagan birinchi xotini va ikki nafar qizi uchun sharoit yaratib berishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 126-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan Xalil Samarovga nisbatan bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring