Raqobat qo‘mitasi monopol korxonalarni ogohlantirdi
Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan qo‘llanilayotgan narxlar ustidan nazorat kuchaytirilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, korxonalarning narx siyosati va bozordagi xatti-harakatlari doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining 10 foizga oshirilishi ayrim mahsulotlar va xizmatlar tannarxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Biroq Qo‘mita bu holat monopol yoki tabiiy monopol mahsulotlar hamda xizmatlar narxlarini iqtisodiy jihatdan asossiz oshirish uchun sabab bo‘la olmasligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan ustun mavqega ega korxonalar amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirildi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, monopol mahsulotlar tannarxida yoqilg‘i-energetika resurslarining ulushi hamda mazkur omilning yakuniy narxlarga ta’siri oldindan tahlil qilingan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgi davrlarda ham mahsulot va xizmatlar narxlarini haqiqiy xarajatlarga nisbatan yuqori darajada shakllantirgan ayrim ustun mavqega ega korxonalarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopol korxonalarga murojaat qilib, narxlarni belgilashda qonunchilik talablariga amal qilish zarurligini eslatdi.
Idoraning bildirishicha, mahsulot va xizmatlar narxlari iqtisodiy jihatdan asoslanmagan holda oshirilgani aniqlansa, qonunchilikda nazarda tutilgan moliyaviy jarimalar va boshqa ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin.
Qo‘mita bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini ham ma’lum qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter