Samarqandda huquqbuzar inspektorlarga qarshilik ko‘rsatib, xodimning mashinasiga shikast yetkazdi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Ichki ishlar, prokuratura va tuman hokimligi xodimlari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd davomida Ishtixon tumani «Ko‘tarma» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Oqdaryo daryosi o‘zanida ekskavator yordamida qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinib, yuk avtotransport vositasiga yuklanayotgani aniqlandi va huquqbuzarlik to‘xtatildi. Biroq yuk mashinasi haydovchisi qonuniy talabga bo‘ysunmay, xodimlarga keskin qarshilik ko‘rsatdi. U qum-shag‘al aralashmasini to‘kib, ekskavator haydovchisining voqea joyidan qochib ketishiga sharoit yaratdi.
Bundan tashqari, huquqbuzar xodimlarning hayotiga xavf solib, yuk avtomobili bilan xodimlardan birining avtomashinasiga zarar yetkazdi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda. To‘plangan materiallar huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda.
Ekologiya qo‘mitasi tabiiy resurslardan qonunga xilof ravishda foydalanish, daryo o‘zanlariga zarar yetkazish hamda nazorat tadbirlariga to‘sqinlik qilish holatlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter