Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda yangi tuman tashkil etiladi

Surxondaryoda yangi tuman tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda deputatlar Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari hududlari chegarasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq kiritilgan ushbu masala mazkur hududda yagona boshqaruvni yo‘lga qo‘ygan holda, aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratishni nazarda tutadi.

Nazarda tutilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hududidagi «Bandixon», «Bektepa», «Obod turmush», «Polvontosh», «Saroy», «Birdamlik», «Chinor», «Paxtakor», «Navbahor», «Farovon», «Bahoriston», «O‘rg‘ilsoy», «Gulbog‘», «Qaldirg‘och», «Zevar», «Xo‘jaipok», «Obod yurt» hamda «Bag‘ri keng» mahalla fuqarolar yig‘inlari, Boysun tumanining «Ko‘lqamish» mahallasi «Kuba» qishlog‘i, «Obikor» hamda Quduqsoy mahalla fuqarolar yig‘inlari, Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Davlatsoy» mahallasining «Porloq» va «Xurmazor» qishloqlari, «Navruz» hamda «Bandixon» mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari tashkil etilayotgan Bandixon tumani tarkibiga o‘tkaziladi.

Deputatlarning qayd etishicha, bu o‘zgarishlar hududda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilikni rivojlantirishga, aholi bandligini ta’minlashga, Surxondaryo viloyatining dehqonchilik mintaqasi hisoblangan Bandixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy ettirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring