Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Tojikistonliklarni yurtimizda nimalar hayratlantirmoqda?

Tojikistonliklarni yurtimizda nimalar hayratlantirmoqda?

Oziq-ovqat va xo‘jalik mollari do‘konlarida o‘zimizda tayyorlangan mahsulotlarning ko‘pligi ham ularni qoyil qoldirgan.

Foto: «Rrotoday.uz»

Tojikiston bilan o‘rtadagi to‘siqlar olib tashlanib, ikki qardosh yurt fuqarolari bir-birlarinikiga emin-erkin borib kelish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tojikiston aholisi ham, biz o‘zbekistonliklar ham uzoq yillar davomida bir-birimizning ahvolimizdan bexabar yurdik. Bugungi kunda esa ko‘plab tojikistonliklar mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilib yuribdi. Yurtdoshlarimiz ham qo‘shni davlatga sayohatga bormoqda.

Yurtimiz haqidagi fikrlarini bilish uchun tojikistonlik bir nechta mehmon bilan suhbatlashdim va O‘zbekistonda ularni nima ajablantirgani haqida so‘radim (ular ovozlarini yozib olishimni xohlashmadi).

Quyida mamlakatimizda ularni ajablantirgan ishlar, holatlar bilan tanishing:

  1. Oziq-ovqat va sabzavotlarning arzonligi.

Bizning bozorlarimizda o‘zimizning bug‘doydan tayyorlangan unning bir qopi 80 ming so‘m atrofida sotilayapti. Tojikistonliklarning aytishicha, ularda eng arzon un — Rossiya va Qozog‘istonda tayyorlangan ikkinchi nav bug‘doy uni 100-110 ming so‘m, birinchi nav un esa 130-140 ming so‘m atrofida. Shuningdek, tuxumning arzonligi. Bugun bozorlarimizda tuxumning donasi o‘rtacha 500 so‘mdan sotilayapti. Tojikistonda tuxum bizdan ikki baravar qimmat ekan. Yana piyoz, sabzi va boshqa sabzavotlarning narxi ham bizda Tojikistondagidan ancha arzonligi ma’lum bo‘ldi.

  1. Benzin va suyultirilgan gaz — propan narxining arzonligi.

Tojikistonliklarning aytishicha, ularda A-80 markali arzon benzin yo‘q, A-91, A-93 va A-95 markali benzinlar bor. Ularning narxi esa bizning so‘mda hisoblaganda 6500-7500 so‘m atrofida. Shuning uchun ham mamlakatimizga o‘z mashinasida o‘tgan tojikistonliklar mashinalarining bakini bizdagi narxi 3800 so‘m bo‘lgan A-80 markali benzinga to‘ldirib olishmoqda. Shuningdek hozirgi kunda bizda turli joylarda litri 1200-1600 so‘mga sotilayotgan suyultirilgan gaz — propan Tojikistonda litri 3000 so‘m atrofida sotilmoqda. Qish mavsumida esa 4000 so‘mgacha ko‘tarilar ekan.

  1. Yo‘llarimiz.

Tojikistonliklarni hayratga solgan yana bir narsa yo‘llarimizning kengligi va minglab kilometr yo‘llarda yo‘lning o‘rtasiga beton to‘siq o‘rnatib chiqilgani. Ularning aytishicha, Tojikistonda o‘rtasi to‘siq bilan ajratilgan yo‘llar yo‘q. Shuningdek to‘rt polosali yo‘llar ham yo‘q hisobi.

«Aksariyat yo‘llarimiz yaxshi asfalt qilib qo‘yilgan, ammo ikki polosali, ya’ni tor. Yo‘llarimizda yo‘l-transport hodisalari ro‘y berganda holat ancha xavfli ko‘rinish oladi. Sizlarda esa o‘rtada to‘siq bor, yo‘llar ham keng. Mashinalar bir-biriga xalaqit bermay bemalol harakatlanadi. Ammo ba’zi joylarda yo‘llar ancha ta’mirtalab ekan», — deyishdi ular.

  1. Viloyat markazlari bo‘lmish shaharlarimizdagi keng ko‘lamli obodonlashtirish va qurilish ishlari.

Mehmonlarning aytishiga qaraganda, ular bu masalada bizdan ancha yillar orqada ekanlar. «Bizda ham rivojlanish bo‘layapti. Ammo O‘zbekistondagiday emas. Sizlarda viloyat markazlari bo‘lgan yirik shaharlar yangicha ko‘rinish olib, ancha o‘zgarib ketibdi. Bizda bu darajada emas», — deyishdi ular.

Shuningdek, oziq-ovqat va xo‘jalik mollari do‘konlarida o‘zimizda tayyorlangan mahsulotlarning ko‘pligi ham ularni qoyil qoldirgan. Ularning aytishicha, oziq-ovqat va xo‘jalik mollarining aksariyati Tojikistonga Rossiyadan keltiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring