Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdan Samarqandga borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi

Toshkentdan Samarqandga borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent – Samarqand yo‘nalishida quriladigan yangi avtomobil yo‘liga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbari keyingi yillarda mamlakat iqtisodiyoti uch baravar o‘sganini, 2030-yilga qadar uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinganini ta’kidladi. Bu maqsadga erishishda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, bugun O‘zbekiston hududi orqali 4 ming kilometr xalqaro tranzit yo‘l o‘tadi. Hozirda xalqaro yo‘llarning 30 foizi to‘liq quvvatda, yana 25 foizi esa ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.

Prezidentning ta’kidlashicha, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» hamda Transafg‘on temir yo‘llari ishga tushgach, mamlakat Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat yillik qo‘shimcha 15–20 million tonna xalqaro tranzit yukini qabul qilishi mumkin. Bu esa 400–600 million dollar daromad, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar investitsiya hamda kamida 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratilishini ta’minlaydi.

Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan olti polosali avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich va 60 ta tonnel turidagi o‘tish yo‘li barpo etiladi.

Yo‘l og‘ir yuk tashuvchi hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi transport vositalari uchun mo‘ljallangan monolit beton qoplama bilan quriladi. Tekis hududlarda avtomobillar soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Yangi avtomagistral foydalanishga topshirilgach, Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Yo‘l bir sutkada 60–80 mingta transport vositasini qabul qilishi, yuk tashish tannarxi esa 20–24 foizga kamayishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3 foizga ko‘payishiga turtki beradi. Yo‘l o‘tadigan aholisi 2 milliondan ziyod 13 ta tuman uchun minglab ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘ladi.

Shuningdek, yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm obektlari barpo etiladi. Qurilishda mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanish tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring