Tramp qiymati $1 mlrd bo‘lgan yangi Air Force One’ni namoyish qildi
Donald Tramp mamlakatning yangi «Birinchi bort»i – Air Force One’ni jamoatchilikka tanishtirdi.
Qatar tomonidan taqdim etilgan Boeing 747-8 samolyoti AQSh Mudofaa vazirligi buyurtmasi asosida to‘liq modernizatsiya qilingan. Tramp uni «dunyodagi eng hashamatli samolyot» deb atadi.
«Siz uni ko‘rsangiz, ishonmaysiz. Yog‘och bezaklar sifati, materiallar va dvigatellar darajasi hayratlanarli», – dedi AQSh rahbari Vashington yaqinidagi Endryus harbiy bazasidagi taqdimot marosimida.
Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, yangi samolyot avvalgi prezident laynerlariga nisbatan uzoqroq masofaga va yuqori tezlikda ucha oladi.
AQSh Harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, samolyot xavfsizlik, aloqa va logistika tizimlari bo‘yicha yangilangan. Intererning hozirgi ko‘rinishi e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, uning avvalgi hashamatli uslubi saqlab qolingani aytilmoqda.
OAV va aviatsiya mutaxassislari baholashicha, Boeing 747-8 samolyoti Qatar tomonidan topshirilgan paytda taxminan 400 million dollarga baholangan. Modernizatsiya ishlaridan keyin uning umumiy qiymati 1 milliard dollarga yaqinlashgan bo‘lishi mumkin.
Trampning ma’lum qilishicha, yangi Air Force One 4-iyul kuni AQSh mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan aviashouda ishtirok etishi mumkin. Prezident samolyotdan ilk rasmiy parvozni iyul oyi boshida NATO sammitiga yo‘l olishda amalga oshirishni rejalashtirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter