Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda otasi tomonidan og‘ziga paypoq tiqilgan chaqaloq vafot etdi

Navoiyda otasi tomonidan og‘ziga paypoq tiqilgan chaqaloq vafot etdi

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 5 oylik chaqaloq otasining zo‘ravonligi qurboni bo‘ldi.

Hodisa 10 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Ota bola yig‘lamasligi uchun uning og‘ziga paypoq tiqqan. Natijada chaqaloqda o‘tkir havo yetishmasligi kuzatilib, u ko‘karib ketgan. Shundan so‘ng onasi bolani shoshilinch ravishda shifoxonaga olib borgan. Biroq shifokorlar bolaning hayotini saqlab qola olishmagan, u to‘rt kun o‘tib tibbiyot muassasasida vafot etgan.

«10 yanvar kuni taxminan tun yarimida bemor nihoyatda og‘ir ahvolda olib kelindi. U klinik o‘lim holatida edi, nafas olishi va yurak urishi yo‘q edi. Biz yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazdik, shundan so‘ng yurak faoliyati tiklandi. To‘rt kun davomida bola reanimatsiya bo‘limida standart protokol asosida davolandi, zarur mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Ammo 14 yanvar kuni soat taxminan 22:00 da biologik o‘lim qayd etildi. Shundan so‘ng ichki ishlar organlari xodimlari chaqirtirildi, jasad ekspertizaga yuborildi», — dedi shifokor Ural Rahmatullayev «Zamon» dasturiga bergan intervyusida.

Mahalla vakillarining ma’lum qilishicha, bu erkakning ikkinchi nikohi bo‘lgan. Birinchi oilasida ham u farzandlariga nisbatan zo‘ravonlik qilgan. U bilan bir necha bor profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.

Navoiy viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ota hibsga olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring