Xorvatiya prezidenti Isroilning yangi elchisini tasdiqlashdan bosh tortdi
Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich amaldagi Isroil hukumati olib borayotgan siyosat sababli mamlakatning Zagrebdagi yangi elchisi nomzodini tasdiqlashdan bosh tortdi.
«Isroil Davlatining taklif etilgan elchisi respublika prezidenti Zoran Milanovichning roziligini olmadi va olmaydi», — deyiladi prezident ma’muriyati bayonotida.
Milanovich avval ham Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyasini bir necha bor tanqid qilgan. Aytilishicha, u shu vaqtgacha diplomatik amaliyotga muvofiq ushbu masala yuzasidan ommaviy izoh berishdan tiyilib kelgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Xorvatiya tomonining rasmiy roziligini olmasdan turib elchi nomzodini e’lon qilib, «yozilmagan qoida»ni buzgan.
Isroil TIVning bayonotida esa Zagrebdagi yangi elchi maqomi bilan bog‘liq masalani hal qilish bo‘yicha xorvatiyalik hamkasblar bilan ish olib borilayotgani aytilgan.
Xorvatiya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar Isroilning G‘azodagi harbiy operatsiyasi va Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida tarangligicha qolmoqda.
Fevral oyida Milanovich xorvat harbiylari xalqaro gumanitar huquqning «qabul qilib bo‘lmaydigan harakatlar va misli ko‘rilmagan buzilishi» sababli Isroil armiyasi bilan hamkorlik qilmasligini aytgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter