Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi bog‘, yangi maktab, yangi stadion - Buxorodagi yangi markaz haqida batafsil

Yangi bog‘, yangi maktab, yangi stadion - Buxorodagi yangi markaz haqida batafsil

Buxoro shahrida barpo etilishi rejalashtirib kelinayotgan «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazi haqidagi xabarlar oxirgi vaqtlarda ko‘p muhokama bo‘ldi. O‘tgan yildan buyon og‘riqli masalaga aylanib ulgurgan ushbu holat bo‘yicha xabar.uz muxbiri o‘rganish olib bordi.

Bugungi kunda Buxoro shahrida yuzlab yangi ko‘p qavatli uylar, bino va inshootlar qad rostlagan. Iqlimi issiq va quruq havo, sho‘rxok tuproqli o‘lkada manzarali, mevali daraxtlarning keskin qurishi tabiatdagi bor namlikni ham yo‘qotayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Yashil maydonlar oz, istirohat bog‘lari barmoq bilan sanarli va tabiat bag‘rida dam olish maskanlari yo‘q. Bugun Buxoro va buxoroliklar uchun yashil olam zarur. «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazning barpo etilishida aynan shu maqsadlar ham ilgari surilgan.

Mazkur tarixiy-etnografik park aholi turmush darajasini yaxshilash, yuqori sifatli servis xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish, tarixiy me’morchilik an’analarini davom ettirish, yashil bog‘lar va sayilgohlarni ko‘paytirish maqsadida barpo etilmoqda. Bosh maqsad qadim Buxoroning boy tarixi va madaniyatini, noyob moddiy va nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash, uni yanada kengroq targ‘ib etishdan iborat.

«Ta’kidlash joizki, o‘tgan asrning 20-yillarida Mixail Frunze boshchiligidagi qizil armiya qo‘shinlarining hujumi oqibatida Buxoroning ko‘plab tarixiy obidalari vayron qilingan. Jumladan, shahardagi asrlar davomida xizmat qilib kelgan ariq va hovuzlar ko‘milib ketgani hududdagi drenaj tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Yangi etnografik park mazkur yo‘qotilgan madaniy boyligimizning namunalari sanalgan qadim drenaj tizimlarini qayta tiklash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib qoladi. Qachonlardir tashlandiq holatda bo‘lgan hudud o‘rnida go‘zal bir landshaft qad rostlaydi. Loyiha to‘laqonli investitsion loyiha hisoblanib, barcha jarayonlar xususiy investorlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda davlat pul tikmaydi. 32,6 gektar yer maydoni auksion orqali sotuvga chiqariladi. Sotilgan mablag‘lar evaziga kompensatsiyalar qoplab beriladi», – dedi Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov.

Majmuani shahardan chetda qurish – mantiqsizlik
Ma’lumki, yangi maskan Buxoroning eski shahriga «bufer zona», ya’ni «yondosh hudud» hisoblanadi. 32,6 gektar yer maydonida barpo etiladigan majmuada jami 800 xonadan iborat 4 ta besh yulduzli mehmonxona, Xalqaro brend standartlari asosida qurilishi rejalashtirilgan. Majmuaning markaziy qismida eski shahar misolida Mangu shahar, ya’ni Boqiy Buxoro markazini bunyod etish ham rejalashtirilgan.

Bildirilishicha, tarixiy-etnografik park hududidan Buxoro an’anaviy me’morchiligi durdonalari va zamonaviy shaharsozlik uslublari uyg‘unligini o‘zida ifoda etgan ob’yektlar o‘rin olgan. Unda etnografik muzey, Buxoro vohasi uchun xos bo‘lgan tarixiy mahallalar, aholi uchun xizmat ko‘rsatuvchi choyxonalar va milliy taomlar tamaddixonalari, an’anaviy drenaj tizimlari – ariq va hovuzlar, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalari bo‘ladi.

Shuningdek, Labi Hovuzga monand favvora ham o‘rin oladi. Majmuaning yuqori qismida Buxoro milliy madaniyat markazi yopiq ko‘p tarmoqli bino joylashgan bo‘lib, unda turli madaniy tadbirlarni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Eski shahar bilan bog‘liq qismida esa turli xalqaro festivallar o‘tkazish uchun yirik maydon hozirlanadi. Sport maydonlari, piyodalar uchun yo‘laklar, sayilgohlar tashkil etiladi. Majmuaning 70 foiz maydoni yashil olamga aylantiriladi.

«Bu hudud Buxoroning eski shahriga hamohang bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, «negativ»lar yangrayapti. «Bu majmua nima uchun quriladi? Uni shahar chekkasiga qurish haqida o‘ylash kerak» deyiladi ayrimlarida. Bugungi kun fuqarosi «komfort» yashashga intiladi. Odamlar, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun shahardan chetda yirik majmua qurish – mantiqsizlik. Bundan keyin shahar o‘rtasida ko‘p qavatli uylar qurish to‘xtatildi. Yangi yashash massivlari esa shahar chetroqlarida bino bo‘ladi. Bugun biz Buxoroning bugunini emas, ertasini o‘ylashimiz kerak. Buxoroning ertangi kun daromadi haqida kim o‘ylayapti, kim qayg‘urayapti? Qancha-qancha fuqarolarimiz chet ellarda ishlab, sarson bo‘lib yurishibdi. Ular uchun ishchi o‘rinlarni kim o‘ylaydi? O‘sib borayotgan aholini ish bilan ta’minlashimiz kerak, ularning daromadini oshirishimiz kerak», – dedi shahar hokimi.

Shahar hokimining aytishicha, «Boqiy Buxoro» madaniy-etnografik parkidagi barcha muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yangilanadi, mavjudlari rekonstruksiya qilinib, quvvati oshiriladi. Bu bo‘yicha tegishli idora va vazirliklar tomonidan hisob-kitoblar rejasi amalga oshirilgan. Yangi quriladigan ob’yektlar va ulardagi muhandislik tarmoqlar bilan ta’minlanganlik yanayam yaxshilanadi. Elektr podstansiyalar, ichimlik suvi tarmoqlari, oqava va kanalizatsiya tizimi yangilanadi.

YuNESKO bilan hamkorlikda barpo etiladi
Ma’lum bo‘lishicha, eski shahar bilan yondosh hududda ikkita madaniy meros ob’yekti mavjud. Loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, ushbu madaniy meros ob’yektlari o‘z o‘rnida va asl holicha saqlab qolinadi. Qurilish ishlari YuNESKO talablariga amal qilgan holda bajariladi. Majmua markazida, musiqali favvora ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Etnografik park barpo etilishida xalqaro ekspertlar guruhi va mahalliy mutaxassislar jalb etiladi. Bu hududdagi barcha ishlar YuNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan 1972 yil 16 noyabrda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofazasi bo‘yicha konvensiya talablari asosida amalga oshiriladi.

«Agar YuNESKO konvensiyasida aynan madaniy meros ob’yektlariga yondosh hududda qurilish qilish mumkin emas, degan ta’qiq bo‘lganda edi, ushbu loyiha borasida umuman bosh qotirmagan bo‘lardik. Yondosh hududda qurilish qilish mumkin, lekin, bu YuNESKO talablari asosida amalga oshiriladi. Biz ko‘zda tutgan loyihada ushbu talablar inobatga olingan. Shuning uchun ekspertlar jalb qilinib, ular bilan birgalikda ish olib boryapmiz. O‘tgan yilgi «shov-shuv»larga qaytadigan bo‘lsak, o‘shanda ham ular qarshi bo‘lmagan, faqat loyiha bilan tanishish, loyiha haqida ma’lumotga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan. Va shu sabab ham jarayon bir yil muddatga to‘xtatilgan edi.

Bugungi kunda esa loyiha yuzasidan soha mutaxassislari, ekspertlar, olimu ziyoli, arxitektor, arxeolog va boshqalarning xulosalari olindi. Konvensiya talablarida nimalar ko‘zda tutilgan bo‘lsa, maksimal darajada shularni e’tiborga olib, ushbu yirik loyihani ishlab chiqdik. Ekspertlar tez kunda Buxoroga kelishadi va loyihani birgalikda amalga oshirishga kirishamiz. Loyiha jarayonida qandaydir o‘zgarish yoki takliflar kiritiladigan bo‘lsa, albatta inobatga olamiz. YuNESKO bilan hamkorlikda, hamjihatlikda sharif shahar markazida misli ko‘rilmagan betakror maskan tortiq etamiz»
, – dedi Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Shohabbos Sharofiddinov.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ushbu barpo etilajak park hududida ko‘kalamzorlarning kengaytirilishi ham rejalashtirilgan. Bunday yondashuv o‘z navbatida ushbu maskanda va qolaversa, Buxoro vohasida mikroiqlimni ta’minlash, «yashil yo‘lak» yaratish va bugungi kundagi dolzarb ekologik muammolardan biriga aylangan cho‘llashuv hamda yerlarning sho‘rlanishi kabi tahdidlarning bartaraf etilishida ulkan ahamiyat kasb etadi. «Yashil Buxoro» dasturiga muvofiq ilgari tashkil etilgan maydondagi daraxtlar va yashillik qiyofasi to‘liq saqlab qolinadi hamda yanada boyitiladi.

Yangi stadion qayerda quriladi?
Loyiha doirasida 2002 yilda qurib, foydalanishga topshirilgan «Buxoro sport» majmuasining ham buzilishi ko‘pchilikda norozilik kayfiyatini uyg‘otgan edi.

«Buxoro sport» majmuasi ma’nan eskirgan. U yirik sport musobaqalari yoxud madaniy tadbirlar o‘tkazishga yaroqsiz. 19 sektordan iborat bloklar ustunlari «bo‘shashgan» va ag‘anab tushishi ehtimoldan xoli emas. Qayta ta’mirlash esa yangi tiklashdan qimmatga tushadi. Vaholanki, siz ko‘rib turganingiz ushbu majmua oxirgi marta 2013 yilda qayta rekonstruksiya qilingan edi», – deydi «Buxoro sport» majmuasi direktori Alibek Sodiqov.


Ustunlari cho‘kkan, suvoqlari ko‘chib, devorlari to‘kilib ketgan, yerto‘lalari sho‘r va namlikdan ag‘anab ketadigan holatdagi «Buxoro sport» majmuasi yirik musobaqalar tugul, mahalliy bellashuvlarni o‘tkazish uchun ham xavfli ekani aytilmoqda. Buxoro viloyati bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinovning so‘ziga ko‘ra, yangi qurilayotgan majmua amaldagi sport majmuasidan uncha uzoq bo‘lmagan, 2-3 kilometr uzoq masofada joylashgan.

«Ayni paytda Buxoro shahri janubiy qismidagi 50 gektardan iborat maydonda «Yangi O‘zbekiston» bog‘i tashkil etilmoqda. 31 gektar joy esa bog‘ yaratish uchun ajratilgan. 18 gektar yer maydonida 20 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi markaziy o‘yingoh qurilishi olib borilmoqda. Amaldagi stadion esa 9 gektar maydonda joylashgan. Yangi majmuada ko‘plab turlar bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etiladi va atrofdagi yo‘l harakati ishtirokchilariga noqulayliklar tug‘dirmasligi uchun to‘rt tomondan umumiy 5 gektarcha maydonda avtoturargohlar barpo etiladi.

Bundan tashqari, hududda mintaqaviy bolalar sport maktabi qurilishi yakunlanmoqda. Unda 5 ming tomoshabinga mo‘ljallangan asosiy o‘yingoh, yopiq futzal binosi hamda 200 o‘quvchiga mo‘ljallangan sport maktabi, yotoqxona va oshxona binolari tiklanadi. Joriy yilda ushbu ob’yekt qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Keyingi yirik sport majmuasi 4000 tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, ular joriy yilning mart oyida qurib, foydalanishga topshiriladi. Shu bois, «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazi qurilishi hech bir maqsadlarga halal bermaydi», – dedi Zuhriddin Muhiddinov.

Yangi maktab
Ma’lum bo‘lishicha, hududda 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi joylashgan bo‘lib, u ham etnografik park loyihasiga kiritilgan. Maktab loyihadan tashqarida bo‘lgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat Tibbiyot institutining eski binosining bir korpusiga to‘liq ko‘chiriladi. 600 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan binolarda rekonstruksiya va tiklash ishlari boshlab yuborilgan. Hududda 390 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 12x90 o‘lchamdagi sport zal binosini qurish ham boshlangan. Keyingi o‘quv mavsumiga qadar ob’yekt topshiriladi.

Yangi temir yo‘l vokzali
Loyiha doirasida Buxoro shahri yangi temir yo‘l vokzaliga ega bo‘ladi. Markazga olib keluvchi asosiy tarmoqlar – aeroport hamda temiryo‘l vokzali loyihasi arxitektorlar tomonidan milliy me’morchilik an’analari asosida tayyorlangan. Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» bog‘ining janubiy qismida yangi temiryo‘l qurilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’muriy binolar va Xotira maydoni
Buxoro viloyatining 14 ta ma’muriy binolari turk loyihachilari bilan hamkorlikda Bukhara city majmuasida barpo etilib, joylashtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2017 yilda barpo etilgan Xotira va qadrlash maydoni ham Bukhara city majmuasidan o‘rin oladi.

Yakunda batafsil
«Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazi qurilishi masalasi birinchi marta 2023 yil yanvar oyida ko‘tarilgan va ko‘plab muhokama hamda tanqidlarga sabab bo‘lgan edi. Xabar.uz’ga berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘sha vaqtda loyiha oxiriga yetmagan bo‘lgan. Mutasaddilar masalani bir yil davomida izchil va puxta o‘rganib, to‘liq holatga keltirishgani ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yili o‘rtaga tashlangan savollardan eng asosiysi – YuNESKO rozilik berishi haqida bo‘lgan, vaholanki, buning uchun ushbu tashkilot roziligi talab qilinmaydi. Faqat qurilish yoki buzish ishlarini YuNESKOning 1972 yilgi konvensiyasiga asoslangan holda olib borish kerak degan talab bor. Hozirgacha bu talablarga to‘liq amal qilish borasida YuNESKOning mahalliy ekspertlari bilan ish olib borilgan bo‘lsa, endilikda bu bo‘yicha tashkilot bosh ofisi bilan kelishuv ishlari davom etmoqda.

Majmua qurilishi rejalashtirilgan hudud bufer zona hisoblanib, u yerda ikkita madaniy meros ob’yekti mavjud. Majmua qurilishi ushbu ikki ob’yektga daxl qilmaydi.

Bundan tashqari, ushbu 36,2 gektar hududdagi birorta daraxt kesilmaydi, quriladigan yangi binolar buzib tashlanadigan ob’yektlarning o‘rniga tushadi va tabiiyki, daraxtlarga zarar yetkazilishiga hojat qolmaydi. Shuningdek, qurilishi reja qilingan binolar soni hozirda mavjud bo‘lganlaridan kam. Maydonning qariyb 70 foizi bog‘lar, saylgohlar, ochiq maydon hamda suv havzalaridan iborat bo‘ladi.

Majmuaning buzilishi va qurilishi tender orqali olib borilib, kattaroq miqdorda mablag‘ taklif qilgan nomzod bu ishga mas’ul bo‘ladi. Davlat budjetidan ham, mahalliy budjetdan ham mablag‘ olinmaydi.

Yana bir muhim masalalardan bo‘lgan abgor holatdagi stadion o‘rniga 20 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan, turli sport zallarini o‘z ichiga olgan zamonaviy sport majmuasi quriladi. Ushbu majmua eskisidan atigi 3 km uzoqlikda bo‘lishi aytilmoqda. U qurilgunga qadar barcha sportchilarga kerakli sharoitlar yaratib berilgan, mashg‘ulotlarni vaqtincha o‘tkazib turish uchun inshootlar yetarli.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring