ID karta olgan fuqarolarga elektron raqamli imzo bepul beriladi
2026 yil 19 yanvar kuni “Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–14-son) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 maydan eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar) migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida sun’iy intellekt asosidagi “Aqlli” migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Ularda fuqarolar uchun o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Dastlabki bosqichda “Aqlli” migratsiya shoxobchalarida belgilangan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, keyinchalik esa Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish turlari bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 maydan Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalarining amal qilish muddatini bir marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi. Chet el fuqarolariga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati ham ushbu organlarga yuklatildi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan talabalarni yotoqxonaga joylashtirish shartnomasi tuzilishi bilan bir vaqtda ularni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 fevraldan jismoniy shaxslarga identifikatsiyalovchi ID kartalar birinchi marta rasmiylashtirilganda, uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikati bepul taqdim etiladi.
Migratsiya va personallashtirish departamenti jismoniy shaxslarga oid markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 sentyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekistonga taklif qilish, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter