Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya muhim siyosiy voqea arafasida

Yaponiya muhim siyosiy voqea arafasida

Yaponiya parlamenti binosi.

Foto: Xabar.uz

Ertaga, 8-fevral kuni Yaponiya parlamentining quyi palatasiga saylov bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri Tokio shahridan.

Mamlakat bosh vaziri Sanae Takaichi hukumatga kelganidan uch oy o‘tib, joriy yil 23-yanvar kunidan e’tiboran parlamentni tarqatib yubordi va muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini e’lon qildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, muddatidan oldin saylov orqali Sanae Takaichi parlamentdagi o‘z koalitsiyasi ko‘pchilik o‘rin egallashi, shu orqali siyosiy dasturini amalga tatbiq etish uchun umumxalq ma’qulloviga erishishni ko‘zlamoqda.

«Men ushbu saylovga bosh vazir sifatidagi o‘z siyosiy istiqbolimni tikmoqdaman. Jamoatchilik mamlakat boshqaruvini menga ishonadimi — bu borada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarorlarini bildirishlarini istayman», — degan edi siyosatchi muddatdan oldin saylov e’lon qilar ekan.

Ma’lumot o‘rnida: Sanae Takaichi 2025-yil oktyabrda mamlakat  tarixida ilk ayol bosh vazir sifatida hukumat tepasiga kelgan edi.

Parlamentning quyi bo‘g‘ini — Vakillar palatasi 23-yanvar kuni tarqatib yuborilgunga qadar Sanae Takaichi raisligidagi Liberal-demokratik partiya 196 ta mandatga, Yaponiya innovatsiya partiyasi esa 34 mandatga ega edi. Shu tariqa iqtidordagi koalitsiya qonunchilik idorasida jami 230 o‘rinni band qilgandi. Parlamentda ko‘pchilikni tashkil etish uchun 233 ta ovoz talab etiladi.

Joriy yil yanvar oyi oxirida «Yomiuri Simbun» va «Nikkey» gazetalari ijtimoiy so‘rovlarga tayanib, Sanae Takaichi raisligidagi LDP koalitsiya bo‘yicha hamkorlarisiz ham ko‘pchilik mandatlarni qo‘lga kiritish imkoniga ega ekani haqida xabar bergan.

Saylov arafasida mamlakatda ham onlayn, ham oflayn formatda elektorat, xususan, yoshlarni ovoz berish tadbirida faol qatnashishga chaqiruvlarni kuzatish mumkin.

Ro‘yxatga olingan 1200 dan ziyod nomzod 465 ta mandat uchun kurashadi. 289 ta deputatlik o‘rni bir mandatli okrug, 176 tasi esa proporsional ro‘yxat asosida taqsimlanadi.

Mamlakatda so‘nggi bor saylov 2024-yil 27-oktyabr kuni o‘tkazilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring