Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatlar Netanyahuni hibsga olish uchun so‘rov yo‘llamoqchi

Advokatlar Netanyahuni hibsga olish uchun so‘rov yo‘llamoqchi

Jil Devers Falastin manfaatlarini himoya qilayotgan o‘nlab advokatlardan biri.

Isroil tomonidan G‘azoda genotsid jinoyati sodir etilganini tasdiqlovchi dalillar ko‘p va shunga ko‘ra xalqaro advokatlar guruhi yahudiy davlati bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olish bo‘yicha so‘rov yo‘llamoqchi. Bu haqda Anadolu agentligiga Xalqaro jinoiy sudda Falastin manfaatlarini himoya qilayotgan fransiyalik advokat Jil Devers ma’lum qilgan.

Advokatga ko‘ra, ma’lum bir aholi jamoasining yashab qolishiga qarshi jinoyatlar genotsid deb malakalanadi.

«Yurisprudensiya shunday tushuntiradi: aholi suv va elektr energiyadan mahrum qilinsa, oziq-ovqat cheklanib, ochlik yuzaga keltirilsa, tibbiy xizmatdan foydalanishga to‘sqinlik qilinsa, shifoxonalarga hujum uyushtirilsa, turarjoylar bombalansa va odamlar majburiy ravishda ko‘chirilsa, genotsid amalga oshirilgan hisoblanadi», – deydi fransuz huquqshunosi.

Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoda keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tkazyapti. Tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan larzaga tushgan dunyo hamjamiyati Isroildan xalqaro huquqqa rioya qilishni talab qilmoqda. Xususan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo mintaqasi bolalar qabristoniga aylanayotgani haqida bong urdi.

2,3 million nufusli G‘azo suv, oziq-ovqat, elektr energiya va yonilg‘idan mahrum qilingan.

BMTning maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajgopal Isroil harbiy amaliyoti oqibatida G‘azoda yuzaga kelgan vayronagarchiliklarni xalqaro jinoyat deb atagan.

Ma’ruzachi aholi uylari, shifoxonalar, tez yordam mashinalari, maktab, masjid, cherkov va qochqinlar lagerlari bombardimon qilinayotganini qoralagan.

Advokat Jil Devers G‘azodagi vaziyatni rasman genotsid deb tan olingan, 8600 kishining o‘limiga olib kelgan Srebrenitsa fojiasidan ham og‘irroq ekanini ta’kidlagan.

Xalqaro tashkilotlar Isroil armiyasi 10 va 11 oktyabr kunlari G‘azo sektori hamda Livan hududiga oq fosfor bombasini tashlagani haqida xabar bergan edi.

Fransuz advokati ushbu holatni yodga olar ekan, oq fosfor qo‘llanishi harbiy jinoyat ekanini qayd etgan. 

Avvalroq Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti AQSh va Yevropa mamlakatlari Falastin–Isroil ziddiyati borasida ikkiyuzlamachilik qilayotgani haqida bayonot bergan edi.

Ta’kidlanishicha, agar G‘arb davlatlari o‘zlari hamisha bayroq qilgan inson huquqlariga chindan ham sodiq bo‘lsa, Isroilning G‘azodagi harbiy jinoyatlariga ham qarshi chiqishi shart.

Fransiyalik huquqshunos ham G‘arbga nisbatan ayni shu ayblovni ilgari surgan. Unga ko‘ra, qiyinchilik va to‘sqinliklarga qaramay, xalqaro advokatlar Falastindagi jinoyatlar uchun javobgarlik masalasini hal etishga harakat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida,  Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Marokash, Mavritaniya, Braziliya, Kanada, Chili, Gvatemala, Meksika, Qatar, Iordaniya, Bahrayn, Misr, Yaponiya, Pokiston kabi davlatlardan o‘nlab advokatlar xalqaro mahkamada Falastin huquqlarini himoya qilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring