AQSh mulozimi Eron shohining o‘g‘li bilan maxfiy ravishda uchrashdi
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Eronning 1979 yilda taxtdan ag‘darilgan shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li shahzoda Rizo Pahlaviy bilan maxfiy ravishda uchrashdi, deb xabar berdi Axios nashri.
Suhbat tafsilotlari ochiqlanmagan, ammo Uitkoff va Pahlaviy Eronda davom etayotgan aksilhukumat namoyishlarini muhokama qilgani taxmin etilmoqda.
Ayni paytda AQShda yashayotgan 65 yoshli Rizo Pahlaviy namoyishchilarni Eronning yirik shaharlarini egallashga da’vat etib kelmoqda. U 11 yanvar kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Eronga qaytishga tayyor ekanini bildirdi. Sobiq shohning o‘g‘li AQShni Eronda Islom respublikasi tuzumini ag‘darish uchun keskin choralarga undamoqda.
Axios nashri yozishicha, Oq uy o‘zini valiahd shahzoda deb iddao qilib kelayotgan Rizo Pahlaviyni muhim siyosiy o‘yinchi deb ko‘rmagan. Erondagi norozilik harakati ishtirokchilarining bir qismi Rizo Pahlaviyni qo‘llab-quvvatlagani Tramp ma’muriyati mulozimlarini hayron qoldirgan. Uitkoff bilan uchrashuv Oq uyning Rizo Pahlaviyga munosabati o‘zgarayotganidan dalolat berishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida: Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi katta bozorda boshlangan, ko‘plab savdogarlar giperinflyasiya va narx-navoning keskin ko‘tarilishiga qarshi norozilik sifatida do‘konlarini yopgan edi. Namoyishlar tez orada butun mamlakatga yoyildi. Iqtisodiy talablar bilan boshlangan norozilik harakati siyosiy aksiyaga aylanib ketdi.
G‘arb matbuoti inson huquqlari tashkilotlariga tayanib yozishicha, namoyishlar davomida yuzlab kishi halok bo‘lgan.
Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp ommaviy namoyishlar domida qolgan Eronga nisbatan jiddiy harbiy choralar ko‘rilishidan ogohlantirgan.
Tramp ta’sir choralaridan biri sifatida Eron Islom Respublikasi bilan biznes yuritayotgan davlatlarga nisbatan 25 foizlik boj joriy etdi.
AQShning Erondagi diplomatik vakolatxonasi Amerika fuqarolarini mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter