Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh razvedka idorasi rahbari Rossiya armiyasi kamchiliklarini ochiqladi

AQSh razvedka idorasi rahbari Rossiya armiyasi kamchiliklarini ochiqladi

Ukraina Rossiya mudofaa tizimidagi jiddiy muammolar sabab qarshi hujumda muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Bu haqda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Byorns Aspen shahrida bo‘lib o‘tgan xavfsizlik forumidagi chiqishida gapirgan.

So‘nggi haftalarda Ukraina qurolli kuchlarining bosib olingan hududlarni qaytarib olishga qaratilgan qarshi hujumi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Avvalroq qarshi hujum qanday yakunlanishi borasida uch ssenariy haqida xabar bergan edik.

«Bu (qarshi hujumda zafar qozonish – tahr.) oson yumush emas, ammo biz razvedka idorasi sifatida ukrainaliklarga madad bo‘ladigan josuslik ko‘magi va axborot almashuvini ko‘rsatamiz», – deya va’da bergan U. Byorns.

Razvedka idorasi rahbari «jangovar ruhning pastligi», «no‘noq qo‘mondonlik» va «Rossiya siyosiy va harbiy rahbariyati o‘rtasidagi taranglik»ni Ukrainaga bostirib kirgan davlatning asosiy kamchiliklari o‘laroq ko‘rsatgan. 

MRB rahbari Rossiyani larzaga solgan Yevgeniy Prigojin isyoniga ham munosabat bildirgan.

Qayd etilishicha, «Vagner» xususiy harbiy shirkati yetakchisining harbiy g‘alayoni prezident Vladimir Putin siyosiy tizimining kamchiliklarni fosh etib qo‘ydi.

Shunga ko‘ra ayrim ekspertlar Putin Prigojinni tirik qoldirmasligi haqida gapirmoqda. Jumladan, MRB sobiq rahbari Devid Petreus Prigojin hozircha hayotini saqlab qolgan bo‘lsa-da, unga suiqasd uyushtirilishi muqarrarligi haqida gapirgandi.

«U yangi qo‘nimgohi – Belarusda ochiq derazalar oldida juda ehtiyot bo‘lmog‘i lozim», – deb maslahat bergan edi general Petreus.

Uilyam Byorns ham Putinning qasos olishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlab, Prigojin zaharlab o‘ldirilishi mumkinligiga ishora qilgan.

MRB rahbariga ko‘ra, Rossiya elitasi Putinning harbiy isyonchilarga nisbatan qat’iyatsizligidan norozi bo‘lgan.

Josuslik idorasi boshlig‘i U.Byorns avvalroq prezident Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligidan ham ogohlantirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring