Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugun Yevropaning uchta davlati Falastinni rasman tan olganini e’lon qiladi – Politico

Bugun Yevropaning uchta davlati Falastinni rasman tan olganini e’lon qiladi – Politico

Bugun Yevropaning uchta davlati, jumladan Ispaniya va Irlandiya Falastin davlatini rasman tan olganini e’lon qiladi.

Bu haqda Politico nashri o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatmoqda.

«Ispaniya, Irlandiya va yana bir davlat chorshanba kuni Falastinni tan olgani haqida bayonot chiqarmoqchi», – deb yozadi nashr. 

Nashr Falastin davlatchiligini tan olgan uchinchi davlat Belgiya, Malta, Norvegiya yoki Sloveniya bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Biroz oldin esa yuqoridagi taxmin o‘zini oqlab, Norvegiya bosh vaziri mamlakat Falastin davlatini tan olganini ma’lum qildi.

Yevropa davlatlari orasida Falastin mustaqilligini avvalroq Bolgariya, Vengriya, Kipr, Malta, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va Shvetsiya tan olgan edi.

Shuningdek, Falastin mustaqilligini BMTga a’zo 140 dan ortiq davlatlar, jumladan, 1994-yilda O‘zbekiston ham tan olgan. AQSh va Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari buni tan olmagan.  

Joriy yilning 10 may kuni esa BMT Bosh Assambleyasi Falastin huquqlarini kengaytirish va uni tashkilotga qabul qilish uchun ovoz berdi. Falastin mazkur tashkilotda 2012-yildan beri kuzatuvchi davlat maqomida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring