Rossiya Konstantinovka nazoratga olinganini da’vo qildi, Ukraina buni rad etmoqda
Rossiya Konstantinovka shahri to‘liq nazoratga olinganini ma’lum qildi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, shahar Rossiya Qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgan.
Biroq ushbu ma’lumot hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q. Ukraina harbiy xaritalariga ko‘ra, Konstantinovkaning bir qismi hamon Ukraina Qurolli kuchlari nazoratida qolmoqda. Shuningdek, geolokatsiya qilingan so‘nggi videolarda ham ukrain harbiylarining shahar ichidagi pozitsiyalari aks etgan.
Urushdan avval qariyb 78 ming aholi yashagan Konstantinovka Donetsk viloyatidagi muhim transport tuguni hisoblanadi. Agar shahar to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tsa, Moskva qo‘shinlari Kramatorsk va Slavyansk yo‘nalishidagi harakatlarini osonlashtirishi mumkin.
So‘nggi oylarda Rossiya qo‘shinlari shahar atrofida bosqichma-bosqich ilgarilab, uni bir necha yo‘nalishdan hujumga tutgan. Ukraina harbiylari esa ta’minot yo‘llari uzilish xavfi kuchayganini bir necha bor ma’lum qilgan.
Ayni paytda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakili, mayor Andrey Kovalyov Rossiyaning shahar to‘liq egallangani haqidagi da’vosini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim rossiyalik piyoda guruhlari shaharga kirgan bo‘lsa-da, Konstantinovka to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tgani haqida gapirish uchun asos yo‘q.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter