Makron: Tramp ma’muriyati Yevroittifoqning bo‘linishini istayapti
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasida, jumladan Grenlandiya masalasi sabab yuzaga kelgan keskinlik pasaydi, deb hisoblash noto‘g‘ri ekanini bildirdi. U yevropalik yetakchilarni uzoq vaqtdan beri kechiktirib kelinayotgan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga va Yevropa Ittifoqining global ta’sirini kuchaytirishga chaqirdi.
U bu haqda Makron Financial Times, The Economist va boshqa Yevropa nashrlariga bergan intervyusida aytdi.
«Ochiqdan-ochiq tajovuz sodir bo‘layotgan bo‘lsa, biz yon berishimiz yoki kelishuvga erishishga urinishimiz kerak emas. Biz bu strategiyani bir necha oy davomida sinab ko‘rdik – u ish bermadi», – dedi Makron.
Shu bilan birga, u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarda «hamisha hurmatli va oldindan taxmin qilsa bo‘ladigan» pozitsiyada ekanini, biroq «zaif emas»ligini ta’kidladi.
Makronning fikricha, Yevropa hozir Yevropa Ittifoqiga nisbatan «ochiqcha antiyevropacha» munosabatda bo‘layotgan, uni «mensimaydigan» va «uning bo‘linishini istayotgan» AQSh ma’muriyati bilan ish olib bormoqda.
«Savdo maydonida biz Xitoy tomonidan kelayotgan kuchli bosimga duch kelyapmiz, AQSh tomonidan esa doimiy beqarorlik kuzatilmoqda. Bu ikki inqiroz yevropaliklar uchun jiddiy siljish, burilish nuqtasidir. Inqirozning eng yuqori nuqtasidan keyin ma’lum yengillik sezilsa ham, hamma narsa batamom yakunlandi, deb hushyorlikni yo‘qotmaslik kerak. Chunki hozir doimiy beqarorlik mavjud», – dedi Fransiya prezidenti.
Donald Tramp bir necha bor Daniyaga qarashli avtonom hudud – Grenlandiya AQSh tarkibiga kirishi kerakligini bildirgan. U bunga erishish uchun turli variantlar, jumladan harbiy kuch ishlatish yoki orolni sotib olish imkoniyatini ham muhokama qilgan. Shuningdek, Tramp Grenlandiya AQShga berilmaguncha sakkizta Yevropa davlatiga nisbatan boj joriy etilishini ma’lum qilgan.
Keyinroq Tramp NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng Grenlandiya va umuman Arktika mintaqasi bo‘yicha kelajakdagi kelishuv uchun asos yaratilganini bildirgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kelishuv Daniyaning Grenlandiya ustidan suvereniteti saqlanib qolishini nazarda tutadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter